Kino va seriallar

«Hayvonlar shahri 2» dam olish kunlarida 556 mln dollar yig‘di

Shundan $272 mln Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi
«Зверополис 2»
«Hayvonlar shahri 2» ilk dam olish kunlarida 556 mln dollar yig‘di / Foto: «Kino TV»

«Hayvonlar shahri 2» («Zootopia 2») o‘tgan dam olish kunlari jahon prokatida $556 mln daromad yig‘ib, animatsion filmlar orasida eng yirik startga ega bo‘ldi.

AQShda Shukronalik kuni munosabati bilan uzaytirilgan dam olish kunlarida film $156 mln ishlab oldi. Mamlakat tashqarisidagi bozorlarda esa yana $400 mln daromad qayd etildi, shundan $272 mln Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu tariqa filmning ilk dam olish kunlaridagi umumiy jahon yig‘imi $556 mlnni tashkil qildi. Bu uni kino tarixidagi eng muvaffaqiyatli to‘rtinchi start va animatsion filmlar orasida mutlaq rekordchi qiladi.

Kuchli natijaga faqat birinchi qismning mashhurligi va bayram kunlari emas, balki tomoshabinlar tomonidan berilgan yuqori baholar ham sabab bo‘lgan. Masalan, Rotten Tomatoes reytingi – 95%, CinemaScore – «A».

Analitiklar prognoziga ko‘ra, «Hayvonlar shahri 2» Disney’ning navbatdagi milliardlik loyihasiga aylanishi ehtimoli katta. Shu bilan birga, «Yovuz 2» («Wicked. Part 2») filmi hafta oxirida yana $93 mln qo‘shib, jahon bo‘yicha $393 mln yig‘imga yetdi.

Avvalroq «Gubka Bob: To‘rtburchak shim izidan» yangi treyleri taqdim etilgani xabar qilingandi. Filmning premyerasi 19-dekabrga belgilangan. Bu loyiha mashhur suv osti qahramoni haqidagi navbatdagi to‘rtinchi badiiy animatsion film bo‘ladi. 1999-yilda boshlagan original multserialdan beri Gubka Bob haqidagi kino hikoyalari tomoshabinlar orasida doimiy qiziqish uyg‘otib kelmoqda. Yangi syujetda Gubka Bob okean tubiga xavfli sayohatga otlanadi va u yerda original serialning mashhur antagonistlaridan biri uchar Gollandiy bilan to‘qnash keladi.