Genesis Porsche 911 bilan raqobatlashadigan yangi superkarni taqdim etadi

1-dekabr 2025 10:25 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Hyundai’ning premium brendi Porsche 911’ga raqobatchi superkar ishlab chiqaradi
Foto: Genesis

Hyundai’ning premium bo‘linmasi Genesis ilk o‘rta dvigatelli superkarini seriyali ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda. Model Magma GT nomi bilan bozorga chiqadi. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Fransiyada bo‘lib o‘tgan jahon premyerasida brendning bosh kreativ direktori Lyuk Donkervoorlke loyiha rasman tasdiqlanganini e’lon qilgan.

Foto: Genesis

Genesis bitta model bilan cheklanib qolmoqchi emas. Kompaniya Porsche 911 yo‘lidan borib, to‘liq liniya yaratishni rejalashtirmoqda. Qator bazaviy versiyalardan tortib yengillashtirilgan sport modellarigacha kengayadi. Eng yuqori pog‘onada trek uchun mo‘ljallangan Magma GT3 R joylashadi. Bu qaror omologatsiya talablari bilan bog‘liq. Brend GT3 poyga chempionatida qatnashishi uchun kamida 250 dona yo‘l uchun mo‘ljallangan, poyga versiyasiga mos avtomobil ishlab chiqarishi talab etiladi.

GT’ning boshlang‘ich versiyasi, ehtimol, GV70 va GV80 krossoverlarida qo‘llanadigan ikki turbinali V6 dvigatel bilan jihozlanadi. Eng kuchli talqin esa 3,2 litr hajmli yangi biturbo V8 motoriga ega bo‘ladi. Ushbu agregat Hyundai’ning ralli bo‘yicha jahon chempionati uchun ishlab chiqilgan 1,6 litrli ikkita turbomotor asosida yaratilgan.

Foto: Genesis

Genesis avtomobillari ishlanmasi rahbari Manfred Xarrer Porsche 911 bilan taqqoslashlarga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nemisning afsonaviy sportkari hali ham tengsiz bo‘lib qolmoqda, biroq Genesis superkarlar bozorida o‘ziga xos yo‘lni tanlashni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hyundai 143 mingdan ortiq avtomobillarini orqa kamera nosozligi sababli servislarga qaytarayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek