Yangiliklar

Madridda hukumatga qarshi yirik namoyish o‘tkazildi

Minglab odamlar bosh vazir Pedro Sanchesning iste’fosini talab qildi
Foto: euronews.com

Ispaniya poytaxti Madridda sobiq vazir Xose Luis Abalosning hibsga olinishi va korrupsiya mojarolari ortidan hukumatga qarshi ommaviy namoyish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Namoyish tashkilotchisi bo‘lgan Xalq partiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Debod ibodatxonasi atrofida 80 mingdan ortiq odam yig‘ilgan. Norozilik aksiyasi sobiq sotsialist vazir Xose Luis Abalos va uning sobiq maslahatchisi Koldo Garsiyaning pandemiya davrida niqob sotib olishdagi korrupsiya sxemasiga aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olinishi ortidan tashkil etildi.

Namoyishda Xalq partiyasi yetakchisi Alberto Nunes Feyxo so‘zga chiqdi. U Abalos bilan bog‘liq vaziyatni «bir martalik xato» emasligini ta’kidlab, Sanches boshqaruvini siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy korrupsiya deb atadi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ish nafaqat niqoblar narxini oshirib yuborish, balki poraxo‘rlik va davlat shartnomalarini noqonuniy yo‘naltirishni ham o‘z ichiga oladi.

Ayni paytda siyosiy bosim kuchayib bormoqda. Bosh vazirning rafiqasi Begonya Gomes va ukasi David Sanchesga nisbatan ham o‘z mavqeyidan foydalanish va moliyaviy qonunbuzarliklar yuzasidan sud jarayonlari ochilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ispaniya sudi Meta’ni 552 million dollar jarimaga tortgani haqida xabar bergan edi.