
Dunyo mamlakatlarining iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi natijalarini baholovchi Climate Change Performance Index (CCPI 2026) reytingi e’lon qilindi. Hisobot Germanwatch va NewClimate institute tomonidan COP30 doirasida taqdim etildi.

CCPI mamlakatlarni to‘rtta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha baholaydi: issiqxona gazlari emissiyasi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi, energiya samaradorligi va iqlim siyosati.
Joriy reytingda ilk uch pog‘ona bo‘sh qoldi, chunki biror mamlakat hali eng yuqori talablarga to‘liq javob bermagan. To‘rtinchi o‘rindan reyting boshlanadi: unda Daniya, undan keyingi o‘rinlarda Buyuk Britaniya, Marokash, Chili va boshqa davlatlar joy oldi.
O‘zbekiston 53-o‘rinni egalladi. Indeksga ko‘ra, mamlakat hali «juda past ko‘rsatkichli» davlatlar guruhida qolmoqda. Bunga asosan yuqori uglerodli energiyadan foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya ulushining pastligi va emissiyalar hajmining o‘sishda davom etayotgani sabab bo‘lgan.





Shunga qaramay, iqlim siyosati va energiya samaradorligi bo‘yicha «o‘rtacha» ko‘rsatkich qayd etilgan. Xaritada ham O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya va emissiyalar bo‘yicha past baholangan, ammo energiya iste’moli va iqlim siyosati bo‘yicha ma’lum progress bor.
Avvalroq Qibraydagi 200 dan ortiq issiqxonalarda reyd o‘tkazilgani xabar qilingandi. Xususan, 29-noyabrdan 30-noyabrga o‘tar kechasi Qibray tumanida 100 nafar xodim ishtirokida issiqxonalar, qozonxonalar va ishlab chiqarish obyektlari tekshirildi. Tungi reydda 226 ta issiqxona o‘rganilib, ularning aksariyati talablarga to‘liq javob bermasligi aniqlandi.