
2026-yildan boshlab O‘zbekistonda ishchilar oylik maoshlarini qaysi bank orqali olishni o‘zlari tanlaydi. Bu rezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni imzolagan moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirishga oid qarorda belgilandi.
Bugunga qadar ko‘plab tashkilotlar xodimlarga faqat o‘zi bilan shartnoma tuzgan bankdan karta ochishni majburiy qilgan. Yangi tartib bilan bu amaliyot bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Qarorga ko‘ra, Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga fuqarolarni maosh kartasini ochishda biror bankka majburiy bog‘lashni yakunlash vazifasi yuklatilgan. Endilikda fuqaro oylik, stipendiya yoki boshqa to‘lovlarni istalgan tijorat banki yoki elektron hamyon orqali qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Markaziy bank dekabr oyida ushbu tartibni amaliyotga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar paketini ishlab chiqadi. Natijada ish beruvchilar xodimlarga bank tanlashda to‘liq erkinlik berishga majbur bo‘ladi.
Shuningdek, 2026-yil iyuniga qadar Markaziy bank to‘lov infratuzilmasiga ommaviy (paketli) to‘lovlar funksiyasi qo‘shiladi. Bu maosh, soliq, kompensatsiya va boshqa ko‘plab to‘lovlarni bir vaqtning o‘zida tezkor va xavfsiz amalga oshirish imkonini yaratadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank ikkita to‘lov tashkiloti faoliyatini olti oyga cheklagani haqida yozgandi.