Yangiliklar

Noyabr oyida eng ko‘p qimmatlagan mahsulotlar ma’lum bo‘ldi

Bodring narxi deyarli 100 foizga oshgan
Foto: Yandex Map

Milliy statistika qo‘mitasi noyabr oyidagi inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, oylik inflyatsiya oktabrga nisbatan tezlashgan bo‘lib, bir oyda 0,7 foizni tashkil etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari: tuxum yetakchi, bodring narxi keskin oshdi

Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1 foizga qimmatlagan. Eng sezilarli o‘sish:

  • Tuxum — +2,4%;
  • Sut va qo‘y go‘shti — +0,8%;
  • Suyaksiz mol go‘shti — +0,5%;
  • O‘simlik yog‘i va un — o‘rtacha +0,5 foizni qayd etdi.

Arzonlashgan mahsulotlar:

  • Guruch — 4,5%;
  • Shakar — 2,7%
  • Parranda go‘shti — 1,2%;

Go‘sht narxi bir oyda yana 1–1,5 ming so‘mga oshdi.

Meva-sabzavotlar bozorida eng katta o‘sish qayd etildi:

  • Bodring — deyarli 100% qimmatlashdi;
  • Pomidor — +82%;
  • Bulg‘or qalampiri — +61,2%;
  • Baqlajon — +51,7%;

Ayni paytda sabzi, limon va piyoz narxlarida pasayish kuzatildi.

Yillik kesimda esa qo‘y go‘shti (+26,8%), mol go‘shti (+24%), limon (+65%) va sut (+7%) sezilarli qimmatlagan. Guruch (-17%) va shakar (-4,6%) narxi yillik hisobda arzonlagan.

Xizmatlar sektori: isitish va issiq suv tariflari oshdi

Noyabr oyida eng katta o‘sish kommunal xizmatlar segmentida kuzatildi:

  • Isitish — +7,3%;
  • Issiq suv — +9%.

Avtoturargoh xizmatlari — +2,8%, kuryer xizmatlari — +1,3%, oziq-ovqat yetkazib berish — +0,5 foizga oshdi.

Aksincha, ichki va xalqaro aviaqatnovlar narxi 1,1 foziga pasaydi. Poyezd chiptalari ham arzonlagan. Repetitorlik, til kurslari va tibbiy xizmatlarda 0,3–0,6% oralig‘ida narx o‘sishi qayd etildi. Pul o‘tkazmalari esa 1,6 foizga arzonlagan.

Sanoat mahsulotlari: benzin qimmatlab, metan arzonladi

Noyabr oyida benzin narxi o‘rtacha 1,7 foizga oshdi. Markalar bo‘yicha:

  • AI-80 — +1%;
  • AI-91/92 — 0,4–0,6%;
  • AI-95/98 — +1%;
  • AI-100 — +0,6%.

Metan narxi 0,2 foizga arzonlagan bo‘lsa-da, bir yilda 30 foizdan ko‘proq oshgan. Propan esa oy davomida 7,4 foizga qimmatlagan.

Shuningdek, mavsumiy talab tufayli palto, kurtka, etik va umumiy kiyim-kechak narxlarida ham o‘sish kuzatildi. Dori vositalari ham bir oyda 0,2%, yil boshidan beri esa 5,3 foizga ko‘tarilgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari o‘tgan yilga nisbatan 6,8 foizga o‘sgani haqida yozgandi.