
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 1-oktabr holatiga davlat qarzi $43,97 mlrdga yetgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb $5 mlrdga, yil boshidan esa $3,75 mlrdga ko‘paydi.
Tashqi qarz – asosiy ulushni tashkil etmoqda
Davlat qarzining 84 foizini tashqi qarz egallaydi. To‘qqiz oy davomida uning hajmi $2,99 mlrdga oshib, $36,72 mlrdga yetgan. Ichki qarz esa $760 mlnlik o‘sish bilan $7,25 mlrd bo‘lgan.
Tashqi qarzning o‘tgan yilga nisbatan o‘sishi ham sezilarli, ya’ni bir yil ichida $4,49 mlrdga ko‘paygan.
Qarz mablag‘lari qaysi sohalarga yo‘naltirilmoqda
Olingan tashqi mablag‘larning yarmi 47% yoki $17,43 milliardi davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga sarflangan.
Qolgan qismi quyidagi yo‘nalishlarga yo‘naltirilgan:
- Yoqilg‘i-energetika — $5,78 mlrd (16%);
- Qishloq va suv xo‘jaligi — $3,27 mlrd (9%);
- Uy-joy kommunal xo‘jaligi — $3,07 mlrd (8%);
- Transport va infratuzilma — $2,87 mlrd (8%).
Asosiy kreditorlar
Tashqi qarzning yarmidan ko‘pi 54% yoki $19,85 milliardi xalqaro moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng yirik kreditorlar:
- Jahon banki — $8,02 mlrd;
- Osiyo taraqqiyot banki — $7,49 mlrd;
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $1,73 mlrd;
- Islom taraqqiyot banki — $932 mln
- XVJ — $638 mln.
Xorijiy hukumatlar ulushi esa 30% yoki $11,04 mlrd bo‘lib, yetakchilar quyidagilar:
- Xitoy — $3,76 mlrd;
- Yaponiya — $3,12 mlrd;
- Fransiya — $1,17 mlrd;
- Janubiy Koreya — $740 mln;
- Germaniya — $491 mln.
Investorlar hissasi hisobiga olinadigan mablag‘lar ham o‘smoqda. Xalqaro obligatsiyalar hajmi yilning to‘qqiz oyida $1,7 mlrdga oshib, $5,84 mlrdga yetgan.
Umumiy tashqi qarz – $72 mlrddan ortiq
Yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi (davlat + korporativ) $72,2 mlrdni tashkil etgan. Shundan:
- davlat tashqi qarzi — $36,8 mlrd (+$2,9 mlrd)
- korporativ tashqi qarz — $35,4 mlrd (+$5,2 mlrd)
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda davlat budjeti qaysi sohalarga ko‘proq yo‘naltirilishi haqida yozgandi.