Sport

Samvel Babayan «Andijon» klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi

Foto: FC Andijon

«Andijon» futbol klubi rahbariyati jamoaning yangi bosh murabbiyi lavozimiga Samvel Babayanni tayinladi. Bu haqda klub matbuot xizmati rasmiy xabar berdi.

Samvel Babayan O‘zbekiston milliy terma jamoasini 25 uchrashuvda maydonga boshlab tushgan. U, shuningdek, faoliyati davomida «Paxtakor», «Navbahor», «Lokomotiv» hamda Latviyaning «Spartak» va Xitoyning «Chanchun Yatay» klublarida ishlagan.

Klub matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Babayan «Paxtakor» bilan murabbiy va rahbar sifatida 9 marta O‘zbekiston chempioni va 8 marta mamlakat kubogi sohibi bo‘lgan.

«Navbahor»dagi faoliyati davomida esa jamoa O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgan va OChL nimchorak finalida ishtirok etgan. «Andijon» jamoasi yangi murabbiyning tajribasi klubni yangi darajaga olib chiqishiga ishonch bildirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OChL 2 doirasida «Andijon» ketma-ket beshinchi durangni qayd etgani haqida xabar bergan edi.