
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida issiqxonalar faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha tungi reyd davomida 4 ta issiqxonaga chora ko‘rildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, tekshiruv davomida 2 ta issiqxonaning butunlay filtrsiz ishlayotgani, yana bir nechta xo‘jaliklarda esa nosoz filtrlardan foydalanilayotgani aniqlangan. Umumiy hisobda 4 ta issiqxonada filtrlarning nosozligi qayd etildi.
Mazkur holatlar bo‘yicha obyekt egalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Ularga filtr o‘rnatish majburiy ekani, filtrsiz faoliyat yuritish noqonuniy hisoblanishi hamda bu atmosferaga jiddiy zarar yetkazishi haqida ogohlantirish berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qibraydagi 200 dan ortiq issiqxonalarda reyd o‘tkazilgani haqida yozgandi.
29-noyabrdan 30-noyabrga o‘tar kechasi Qibray tumanida 100 nafar xodim ishtirokida issiqxonalar, qozonxonalar va ishlab chiqarish obyektlari tekshirildi. Tungi reydda 226 ta issiqxona o‘rganilib, ularning aksariyati talablarga to‘liq javob bermasligi aniqlandi.
Shuningdek, Toshkentda havoni ifloslantirayotgan 100 dan ortiq obyektlarning faoliyati to‘xtatildi. 24 – 28-noyabr kunlari poytaxtda o‘tkazilgan reydlar natijalari bo‘yicha Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ikrom Tagayev ma’lumot berdi.
Reydlar davomida 1,4 mingta issiqxona o‘rganilib, ulardan 67 tasining ekologiya talablariga rioya qilmagani uchun faoliyati to‘xtatildi. 403 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ba’zi issiqxonalarga gazga ulanish uchun texnik shartlar berildi.
Ma’lumot uchun, Ekologiya vazirligi hukumat tarkibidan chiqarilib, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi.