Gadjetlar

Vivo X300 Ultra 7 000 mA/soatli batareya bilan chiqadi

Vivo X300 Ultra’ning rasmiy taqdimoti 2026-yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan
Foto: GSMArena

Vivo kompaniyasining eng kuchli flagmani bo‘lishi kutilayotgan Vivo X300 Ultra smartfoni haqidagi dastlabki muhim tafsilotlar ma’lum bo‘ldi. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda.

Yangi smartfon 7 000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Taqqoslash uchun, avvalgi Vivo X200 Ultra modelida batareya 6 000 mA/soat, yaqinda taqdim etilgan Vivo X300 Pro qurilmasida esa 6 510 mA/soat bo‘lgan. Shu sababli, X300 Ultra yanada uzoq ishlash vaqtini ta’minlashi kutilmoqda. Biroq kuchli akkumulyator tufayli smartfon vazni biroz ortishi ehtimoldan xoli emas.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Vivo X300 Ultra’ning rasmiy taqdimoti 2026-yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan. Qurilma foto imkoniyatlari bilan ham e’tibor markazida bo‘ladi. U 200 MP asosiy kamera hamda shu aniqlikdagi telefoto modul bilan jihozlanishi kutilmoqda.

Asosiy kamera sifatida Sony LYT-901 matritsasi ishlatilishi prognoz qilinmoqda. Sensorning optik formati 1/1,12 dyuym bo‘lib, bu kam yorug‘lik sharoitida ham yuqori sifatli tasvir olish imkonini berishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Vivo X Fold6 haqida ilk ma’lumotlar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.