Apple iPhone 17 bilan jahon bozorida tarixiy rekord o‘rnatdi

Apple kompaniyasi oktabr oyida sotuvlarni 12 foizga oshirib, bozor ulushini 24,2 foizga yetkazdi. Bu Apple uchun tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Bu haqda Counterpoint Research nashri xabar berdi.
Tahlilchilar bunday daraja kompaniyaning hatto iPhone 6 (2014-yil) yoki iPhone 12 (2020-yil) kabi mashhur avlodlar davrida ham kuzatilmaganini aytmoqda.
Rekordning asosiy drayveri — iPhone 17
Nashr yozishicha, iPhone 17 seriyasiga bo‘lgan kuchli talab Apple o‘sishining bosh omiliga aylandi. Bunga qo‘shimcha ravishda, iPhone 16 va 16e modellari ham sotuvlarda sezilarli ulush qo‘shgan.
Apple turli narx va funksional imkoniyatlarga ega keng assortiment taqdim etgani tufayli xaridorlar tanlovi kengaygan, bu esa talabni yanada kuchaytirgan.
Apple yil yakunida ham yetakchi bo‘lishi mumkin
CR tahlilchilari Apple’ning 2025-yilning to‘rtinchi choragida yana bir rekord qayd etishi mumkinligini bildirmoqda. AQSh, Xitoy va Yevropada talabning barqarorligi kompaniyani yil oxirida global yetakchi sifatida ko‘rsatishi kutilmoqda.
O‘sishning sabablari
Apple’ning muvaffaqiyati bir nechta omillar bilan bog‘lanmoqda:
- kamera va protsessor texnologiyalarining sezilarli takomillashuvi;
- smartfonlarning uzoq muddat xizmat qilishi;
- ekologik talablarni hisobga olgan dizayn;
- Apple ekotizimining kengayishi.
Mutaxassislar, agar iPhone 17 sotuvlari hozirgi sur’atda davom etsa, Apple 2026-yilning birinchi yarmida ham bozor lideri bo‘lib qolishini aytmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple miya signallarini tahlil qilish uchun yangi PARS texnologiyasini taqdim etgani haqida yozgandi.