AVO bank’ka yangi rahbar tayinlandi

AVO bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari, Operatsion va Moliyaviy direktor lavozimida ishlab kelgan Dmitriy Svyatoslavovich Musiyenko bankning yangi boshqaruv raisi etib tayinlandi. Bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 25-noyabr kuni AVO bank Kuzatuv kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uning nomzodi Markaziy bank tasdig‘idan o‘tguniga rais vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritadi.
Ma’lumot uchun, 2023-yil fevralidan beri bank boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan Artyom Popov kelgusi shaxsiy va professional loyihalarni amalga oshirish rejalariga ko‘ra o‘z lavozimini tark etdi. U 2025-yil oxirigacha kuzatuv kengashi va aksiyadorlar bilan yaqin hamkorlikda ishlashni davom ettirishini bildirdi.
Yangi rahbar sifatida tayinlanayotgan Dmitriy Musiyenko xalqaro moliya sohasida 19 yillik tajribaga ega. Bank saytida qayd etilishicha, u Londonda va Nyu-Yorkda joylashgan Credit Suisse hamda Barclays banklarida risklarni boshqarish, moliyaviy mahsulotlarni yaratish, modellash va treyding yo‘nalishlarida faoliyat yuritgan.
Markaziy bank Musiyenko nomzodini tasdiqlagach, u AVO bank boshqaruvini to‘liq boshqarishni boshlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bankda yangi tayinlovlar amalga oshirilgani haqida yozgandi.