
Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l olib kelinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Aydar-Arnasoy ko‘li bo‘yida yirik sohil turizm majmuasi va sog‘lomlashtirish markazi qurilgach, Arnasoy tumanida daromadlar sezilarli oshdi. Endilikda Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni qabul qilish imkonini yaratish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, ko‘l hududiga temir yo‘l olib kelinadi. Bunda «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga Do‘stlik tumanidan Aydar-Arnasoy ko‘ligacha 45 kilometr yangi temir yo‘l liniyasi qurilishini boshlash topshirildi.
Bundan tashqari, tumanning Baxtli mahallasida 7 milliard so‘mlik infratuzilma yangilanadi. Mahalla turizm qishlog‘iga aylantirilib, yo‘llar ta’mirlanadi, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi, yo‘l belgilari yangilanadi va manzarali daraxtlar ekiladi.
Avvalroq Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyatiga hokim etib tayinlangani xabar qilingandi. Jizzax viloyati xalq deputatlari kengashining navbatdagi sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan. Shavkat Mirziyoyev unga kelgusi yilda viloyatga $4,5 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish, eksport hajmini $500 mlnga yetkazish, 175 ming aholini ish bilan ta’minlash va 15 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha qat’iy ishlash vazifasini belgilab bergan.