Fan

Bill Geyts qishki ta’tilda o‘qish uchun 5 ta kitob tavsiya qildi

2025-yilda o‘qigan eng yaxshi besh kitobi ro‘yxatini e’lon qildi
Foto: Gates Notes

Microsoft asoschisi Bill Geyts o‘z blogida kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida mutolaa qilish uchun 2025-yilda o‘qigan eng yaxshi besh kitobi ro‘yxatini e’lon qildi.

Geytsning yozishicha, qishki bayramlar dam olish bilan birga, kitob bilan vaqt o‘tkazish uchun eng qulay davr hisoblanadi. U tanlangan kitoblar hayotning mazmuni, iqlim o‘zgarishi, ijodiy sanoat, insonlar o‘rtasidagi muloqot va AQShning katta loyihalarni amalga oshirish qobiliyatiga oid chuqur savollarga javob topishga yordam beradi.

1. Remarkably britght creatures (G‘ayrioddiy aqlli mavjudotlar) — Shelby Van Pelt

Foto: Bill Geyts Instagram sahifasi

Geyts kamdan-kam badiiy adabiyot o‘qishini, ammo o‘qiganda yangi taassurot beradigan qahramonlarni afzal ko‘rishini aytadi. Roman 70 yoshli Tova ismli ayolning aqlli sakkizoyoqqa g‘amxo‘rlik qilishi orqali hayot mazmunini qayta topishi haqida hikoya qiladi. Kitob Geytsni nafaqadan keyingi hayotning ma’nosini qidirish borasida o‘ylantirgan.

2. Clearing the Air (Havoni tozalash) — Xanna Richi

Foto: Bill Geyts Instagram sahifasi

Geyts yillar davomida Xanna Richining Our World in Data’dagi ilmiy ishlarini kuzatib kelganini aytib, yangi kitobini iqlim muammosiga oid eng tushunarli izohlardan biri deb atadi. Muallif iqlim bo‘yicha 50 ta asosiy savolga oddiy va aniq tilda javob beradi. Kitob faktlarga asoslangan umidli yondashuvni taklif qiladi.

3. Who Knew (Kim bilsin) — Barri Diller

Foto: Bill Geyts Instagram sahifasi

Geyts uzoq yillik tanishiga bag‘ishlangan bu memuarlarda media dunyosidagi eng katta o‘zgarishlarning ichki jarayonlarini ko‘rganini aytadi. Diller televideniye uchun filmlar formatini ixtiro qilgan, mini-seriallar rivojiga hissa qo‘shgan, Paramount’ni yetakchi studiyaga aylantirgan va Fox telekanalini ishga tushirgan shaxs hisoblanadi. Kitob ijodiy risklarning qanday muvaffaqiyatga olib kelishini ko‘rsatgan.

4. When everyone knows that everyone knows (Har kim hamma bilishini bilganda) — Stiven Pinker

Foto: Bill Geyts Instagram sahifasi

Muallif umumiy bilim tushunchasini — odamlar o‘zaro muvofiqlashtirish uchun boshqalarning nimani bilishini bilish zarurligini sodda va qiziqarli tarzda tushuntiradi. Geytsning aytishicha, kitob kundalik muloqotga yangi ko‘z bilan qarash imkonini beradi.

5. Abundance (Farovonlik) — Ezra Kleyn va Derek Tompson

Foto: Bill Geyts Instagram sahifasi

Asarda AQShning katta loyihalarni amalga oshirishda nega qiyinchiliklarga duch kelayotgani va buning ildizlari tahlil qilinadi. Mualliflar taraqqiyot faqat g‘oyaga emas, balki g‘oyani tez tarqatishga yordam beradigan tizimlarga ham bog‘liq ekanini ta’kidlashadi. Geytsning fikricha, kitob barcha savollarga to‘liq javob bermaydi, biroq Amerika rivojlanish mexanizmlarini qayta tiklash haqida muhim savollarni ko‘taradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kechqurun tomosha qilishga moliyaviy intrigalarni ochib beruvchi «Hech kimga ishonma: kripto qiroli ovi» (Trust no one: The hunt for the Crypto King) filmini tavsiya qilgandi.