Chevrolet’ning yangilangan avtomobili tez orada taqdim etiladi

2-dekabr 2025 14:54 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Chevrolet

Chevrolet kompaniyasi 2026-yilgi NASCAR Cup Series mavsumida ishtirok etadigan Camaro ZL1 poyga avtomobili yangilangan dizaynda taqdim etilishini rasman e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Yangilangan modelning ilk rasmiy chiqishi 2026-yil fevral oyidagi Cook Out Clash at Bowman Gray musobaqasida bo‘lib o‘tadi.

Qayd etilishicha, avtomobil tashqi qiyofasidagi o‘zgarishlar Chevrolet tomonidan yaqinda ishlab chiqarilayotgan Camaro ZL1 Carbon Performance Package aksessuarlar to‘plamiga moslashtirilgan. Ushbu to‘plam oltinchi avlod Camaro ZL1 seriyali avtomobillarining aerodinamikasini va yo‘ldagi unumdorligini oshirishga qaratilgan. Dizayn yangilanishlari NASCAR va jamoalar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.

Foto: NASCAR

Camaro ZL1 poyga avtomobilining asosiy o‘zgarishlari kattaroq kuchli havo yo‘naltiruvchi qopqoq (power dome), yangilangan old panjara va avtomobil yon tomonlaridagi yanada aniqroq rocker panellari bilan bog‘liq. Ushbu elementlar Carbon Performance Package tarkibidagi uglerod tolali kapot inserti, yon panellar, shuningdek ZL1 1LE spesifikatsiyasidagi old panjara va splitter dizayniga mos keladi. Mazkur yangiliklar avtomobilning aerodinamikasini yaxshilab, yuqori tezlikda barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.

Chevrolet NASCAR tarixidagi eng muvaffaqiyatli ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya 1955-yildan buyon NASCAR Cup Series musobaqalarida 14 xil nomdagi modellari bilan qatnashib kelmoqda. Bu davr mobaynida Chevrolet avtomobillari 881 ta g‘alaba, 34 ta haydovchilar chempionligi va 44 ta ishlab chiqaruvchilar chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, kompaniya so‘nggi besh mavsum ketma-ket ishlab chiqaruvchilar chempioni bo‘lib, NASCAR tarixidagi eng ko‘p sovrin yutgan brend unvonini o‘zida mustahkam saqlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet’ning yangi elektromobili qanday xususiyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek