Yangiliklar

Dekabrdagi dam olish kunlari, sotuvga chiqayotgan Samsung Galaxy Z TriFold — 2-dekabrning muhim hodisalari

Kursiv Uzbekistan tomonidan 2-dekabrning muhim hodisalari jamlandi
2-dekabrning muhim hodisalari. Foto: ijtimoiy tarmoq

Dekabrdagi dam olish kunlari e’lon qilindi, Islombek Ismoilov «Neftchi» klubi bosh murabbiyi bo’ldi, Samsung Galaxy Z TriFold 12-dekabrdan sotuvga chiqadi — Kursiv Uzbekistan tomonidan 2-dekabrning muhim hodisalari jamlandi.

2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlari 50 foizga qisqartiriladi

2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartiriladi
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ekologik barqarorlik, chiqindilarni qayta ishlash va qishga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Bunda maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 933 million dollarlik loyihalar Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida boshlangan. 2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.

Aqtau shahridagi Bosh konsulxona o‘zbekistonliklarni chegaradan o‘tish bo‘yicha ogohlantirdi

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasi bo‘yicha shartnoma ratifikatsiya qilindi
Foto: ijtimoiy tarmoq

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulligi O‘zbekiston – Qozog‘iston – Rossiya yo‘nalishida harakatlanayotgan barcha fuqarolardan davlat chegarasidan o‘tish tartibiga qat’iy amal qilishni so‘radi. Xabarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda ayrim o‘zbekistonliklar tomonidan chegarani noqonuniy kesib o‘tishga urinish holatlari qayd etilgan. Qozog‘iston vakolatli idoralariga ko‘ra, ushbu shaxslar qo‘lga olinib, Jinoyat kodeksi bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.

Dekabrda o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi

Отдых в декабре в Узбекистане
Foto: Natali / Pixabay

2025-yil dekabr oyida O‘zbekiston aholisi qo‘shimcha bir kun dam oladi. Konstitutsiya kuni munosabati bilan aholiga rasmiy dam olish kuni beriladi. Shuningdek, 31-dekabr ish kuni qisqartiriladi. Bu kunda xodimlar odatdagi ish vaqtidan bir soat oldin ishdan ketish huquqiga ega bo‘ladil. Mehnat tartibiga qarab ish kunlari soni quyidagicha belgilanadi:

  • besh kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun 22 ish kuni va 9 dam olish kuni mavjud bo‘ladi;
  • olti kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun esa 26 ish kuni va 5 dam olish kuni ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Saudiya kompaniyasi bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv imzoladi

O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv imzoladi
Foto: Migratsiya agentligi

O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Saudiya Arabistonining Health Resources Company (HRCO) kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik to‘g‘risida yangi kelishuv imzolandi. Kelishuvning asosiy maqsadi Saudiya Arabistonida o‘rta tibbiyot xodimi sifatida ishlashni istagan o‘zbekistonliklarni ushbu davlatga qonuniy, xavfsiz va shaffof tartibda yuborishdan iborat.

Islombek Ismoilov «Neftchi» klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi

Foto: viloyat hokimligi matbuot xizmati

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi sobiq murabbiyi Islombek Ismoilov «Neftchi» klubining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. U O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida jamoani Osiyo chempionligiga olib kelgan hamda U-17 Jahon chempionatida nimchorak final bosqichiga yetaklagan.

Banklarda avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari qancha

Foto: ijtimoiy tarmoq

1-dekabr holatiga ko‘ra, tijorat banklarida amal qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Mazkur davrda mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 31,4 foizni, avtomobil xaridi uchun 23,6 foizni tashkil etdi.

Samsung Galaxy Z TriFold smartfoni 12-dekabrdan sotuvga chiqadi

Samsung Galaxy Z TriFold smartfoni 12-dekabrdan sotuvga chiqadi
Foto: Samsung

Model joriy yil 12-dekabrda Janubiy Koreyada, keyin esa Xitoy, Tayvan, Singapur, BAA va AQSh kabi boshqa bozorlarda sotuvga chiqishi kutilmoqda. Galaxy Z TriFold’ni xarid qilgan mijozlarga Google AI Pro’da olti oylik sinov muddati, Gemini ilovasida Veo3 bilan ishlaydigan video generatsiyasi kabi kuchli funksiyalarga, shuningdek, 2TB xavfsiz bulutli xotiraga kirish imkoniyati beriladi. Bundan tashqari, har bir Galaxy Z TriFold xaridori displeyni ta’mirlash xarajatlariga bir martalik 50 foiz chegirma olish huquqiga ega bo‘ladi.

Jizzaxda 290 mlrd so‘mlik yo‘l o‘tkazgich va yangi avtomobil yo‘li qurildi

Mazkur yo‘l sutkasiga 14 mingdan ortiq avtomobil harakatini ta’minlaydi. Avvallari aholi shahar tomon qatnashi uchun 25 kilometr aylana yo‘ldan foydalanishga majbur edi. Yangi o‘tkazgich orqali bu masofa 4 kilometrgacha qisqardi va tirbandlik muammosi bartaraf etildi. Yangi infratuzilma haydovchilar, tadbirkorlar, logistika hamda xizmat ko‘rsatish sohasi uchun qulaylik yaratdi.

Superkompyuter O‘zbekistonning «JCh – 2026» dagi g‘alaba qozonish imkoniyatini baholadi

Foto: O‘FA

Opta platformasining superkompyuteri O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionatida g‘alaba qozonish imkoniyatini hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning jahon chempionatida yutish ehtimoli 0,2 foizni tashkil etadi. Hisob-kitoblariga ko‘ra, Ispaniya terma jamoasining g‘alaba qozonish ehtimoli eng yuqori bo‘lib, 17 foizni tashkil etdi.

Moskva sudi faqat o‘zbekistonliklarni ishga olishga oid e’lonlarni taqiqladi

Moskva sudi faqat o‘zbekistonliklarni ishga olishga oid e’lonlarni taqiqladi

Moskva sudi O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolariga ustuvorlik berilgan ish e’lonlarini tarqatishni taqiqladi. Prokuratura internetda ayrim ish beruvchilar tomonidan joylashtirilgan e’lonlarda faqat Qirg‘iziston fuqarolari talab qilinishi, ayrim e’lonlarda esa o‘zbekistonliklar uchun alohida imtiyozli ish sharoitlari taklif etilganini aniqlagan.

AVO bank’ka yangi rahbar tayinlandi

AVO bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari, Operatsion va Moliyaviy direktor lavozimida ishlab kelgan Dmitriy Svyatoslavovich Musiyenko bankning yangi boshqaruv raisi etib tayinlandi. Bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 25-noyabr kuni AVO bank Kuzatuv kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning nomzodi Markaziy bank tasdig‘idan o‘tguniga rais vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritadi.

3-dekabr uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

доллар

3-dekabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 11 880,93 so‘m (-14,64 so‘m) etib belgilandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 31,27 so‘mga tushib, 13 794,95 so‘mni, rubl esa 0,3 so‘mga oshib, 153,28 so‘mni tashkil qildi.

Avvalroq 1-dekabrda sodir bo‘lgan muhim hodisalar e’lon qilingandi.