
Dongfeng Nissan qo‘shma korxonasi Xitoy bozorida yangi ulanishli gidrid sedan Nissan N6 modelini taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Yangi model beshta to‘plamda sotuvga chiqarilgan: 180Air, 180Pro, 180Max, 180Max+ va 180Max+ Flagship, Narxlar esa birinchi xaridorlar uchun 92 mingdan 122 ming yuangacha ($13 mingdan $17,25 minggacha) bo‘lib, turli variantlarga qarab farqlanadi.

Nissan N6 dizayni Nissan N7 elektromobilining uslubida yaratilgan. Uning o‘lchamlari 4831 × 1885 × 1494 mm, g‘ildirak bazasi esa 2815 mmni tashkil qiladi. Xaridorlar 17 va 18 dyuymli g‘ildiraklar bilan tanlash imkoniga ega bo‘lib, shinalar o‘lchamlari mos ravishda 225/55 R17 va 225/50 R18.

Salon ikki rangda — qora va bej rangda taqdim etilgan. Ichki qismda raqamli asboblar paneli, katta markaziy displey va rul ustidagi uzatmalar selektori mavjud. Bundan tashqari, smartfon simsiz zaryadlash, ventilyatsiya, old o‘rindiqlarni isitish va massaj qilish funksiyasi, ikki zonali iqlim nazorati, orqa yo‘lovchilar uchun shamollatish teshiklari, lyuk va atmosferik yoritish bilan jihozlangan.

Gidrid tizimi 1,5 litrli NR15 atmosferali dvigatel va 210 ot kuchiga ega elektromotor asosida ishlaydi. 21,1 kV·soat sig‘imli batareya toza elektr energiyasi bilan 180 km masofani bosib o‘tishga imkon beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kompaniya yangi avlod Navara pikapini namoyish etgan edi.