Banklar va moliya

Fitch: 2026-yilda O‘zbekiston banklaridagi omonatlar hajmi 25 foizgacha oshadi

O‘zbekiston bank tizimi uchun umumiy prognoz «barqaror» deb baholandi
Fitch Ratings: 2026-yilda O‘zbekiston banklaridagi omonatlar hajmi 20–25 foizga oshadi / Foto: ijtimoiy tarmoq

2026-yilda O‘zbekiston banklaridagi omonatlar hajmi 20–25 foizga oshadi. Fitch Ratings tomonidan e’lon qilingan CIS+ Banking Outlook 2026 hisobotida O‘zbekiston bank tizimi uchun umumiy prognoz «barqaror» deb baholandi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda 2026-yilda iqtisodiy o‘sish 6,3 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda va bu banklar faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Kreditlash hajmi oshishda davom etadi, depozit bazasi ham kengayadi.

Shu bilan birga, agentlik davlat banklarida eski muammoli kreditlar hali ham bosim o‘tkazayotganini ta’kidladi. 2026-yilda bunday kreditlar ulushi 9–10 foizgacha chiqishi mumkin. Bu esa zaxira ajratish xarajatlarini oshiradi va ayrim banklar foydasiga ta’sir qiladi.

Xususiy banklar esa yuqori daromad keltiruvchi yo‘nalishlar: kichik biznes va chakana kreditlarga ko‘proq e’tibor qaratishi natijasida o‘sishni davom ettiradi. Ammo Markaziy bankning iste’mol kreditlariga qo‘ygan cheklovlari tufayli chakana kreditlash sur’ati biroz pasayishi mumkin.

Banklar xususiylashtirilishi

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) ko‘magi va yaqinda jalb qilingan qo‘shimcha 1-darajali kapital «Sanoat qurilish banki» (SQB)ning biznes transformatsiyasini tezlashtiradi. Bu bankka yuqori daromadli kredit yo‘nalishlarida o‘sishni kuchaytirish, boshqaruv va risklarni nazorat qilish tizimlarini yaxshilash imkonini beradi.

Shuningdek, SQBning xususiylashtirilishi UzNIFning 2026-yilda rejalashtirilgan IPOsidan keyin amalga oshirilishi kutilmoqda. Biroq boshqa davlat banklarining xususiylashtirilishi uzoq muddatli istiqbolda qolmoqda.

Omonatlar hajmi oshadi

Hisobotga ko‘ra, 2026-yilda omonatlar hajmi 20–25 foizga oshishi kutilmoqda. Bu aholining real daromadlarining o‘sishi va raqamlashtirish jarayonlari bilan bog‘liq. Shunga qaramay, banklarning tashqi moliyalashga bo‘lgan ehtiyoji katta bo‘lib qoladi, chunki uzoq muddatli milliy valyutada resurslar tanqis.

Fitch Ratings O‘zbekiston bilan bir qatorda Qozog‘iston, Armaniston va boshqa qator davlatlar bank tizimi ham ijobiy dinamikani saqlab qolganini ta’kidladi. Biroq global iqtisodiy o‘zgarishlar, geosiyosiy tavakkallar va kredit sifati bilan bog‘liq ichki omillar banklar uchun asosiy xavf bo‘lib qolmoqda.

Avvalroq Fitch Ratings TBC Uzbekistan bankining uzoq muddatli majburiyatlar bo‘yicha defolt reytinglari prognozini «Salbiy»dan «Barqaror»ga ko‘targandi. Unga ko‘ra, bankning xorijiy va milliy valyutadagi reytinglari «BB-» darajasida tasdiqlandi. Bankning mustaqil barqarorligini aks ettiruvchi Viability Rating esa «b» darajasida o‘zgarishsiz qoldi.