
Joriy yilning 30-noyabr kuni Rossiya – Aqto‘be – Qizilo‘rda – Olmaota yo‘lining Moskva – Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan VanHool avtobusi yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, avtobusda 54 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan, hech kim jabrlanmagan va halok bo‘lmagan. Yo‘lovchilar favqulodda vaziyatlar xizmati va politsiya tomonidan Aytekebi tumanining Qorabutoq qishlog‘idagi masjidga vaqtincha joylashtirilgan.
Konsulxonaga ko‘ra, ular oziq-ovqat va zarur yordam bilan ta’minlanmoqda va fuqarolarni O‘zbekistonga boshqa avtobus orqali tezkor qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda YTH oqibatida 9 oy ichida 1,3 ming kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 3,8 foizga kamaygan. Shu bilan birga, avariyalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 1 368 nafardan 1 303 nafarga tushgan, ya’ni 4,8 foizga kamayish kuzatilgan.