Yangiliklar

Jizzaxda mingta do‘konni o‘z ichiga oladigan «Ekobozor» savdo majmuasi quriladi

Majmua qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashtirilgan bo‘ladi
Jizzaxda mingta do‘konni o‘z ichiga oladigan «Ekobozor» savdo majmuasi quriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida joylashgan «Ko‘k saroy» savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mamlakatimizda savdo sohasida zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Foto: President.uz
Foto: President.uz

Jizzax shahridagi 3,5 gektar maydonda faoliyat yuritayotgan «Ko‘k saroy» majmuasi viloyatdagi eng yirik savdo obyektlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda 300 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari ish boshlagan bo‘lib, natijada 800 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shu jumladan, ehtiyojmand toifadagi 100 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.

Majmuada yirik savdo tarmoqlarining filiallari, 10 ta mahalliy va xorijiy brend, 250 ta savdo do‘koni, fud-kort va bolalar maydonchasi joylashgan. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi yiliga 223 milliard so‘mni tashkil qiladi. Bundan tashqari, majmuada kutubxona va kitob do‘koni ham faoliyat yuritadi.

Foto: President.uz

Loyihaning ikkinchi bosqichi sifatida 1 mingta savdo shoxobchasini o‘z ichiga olgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan uch qavatli «Ekobozor» qurilishi rejalashtirilgan. Bu esa 2 mingta yangi ish o‘rni yaratadi.

Prezident majmua faoliyati bilan tanishib, tashrif buyurganlar bilan samimiy muloqot qildi va xizmatlarni kompleks yondashuv asosida yanada rivojlantirish, shuningdek, bunday markazlarni boshqa hududlarda ham ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Foto: President.uz
Foto: President.uz

Shu bilan davlati rahbari Jizzax viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax va Sharof Rashidov aglomeratsiyasini rivojlantirish master-rejasi ishlab chiqilishi haqida xabar bergan edik.