Avto

Mercedes-Benz G-Class kabrioletining yangi prototipi namoyish etildi

12 yillik tanaffusdan so‘ng
Mercedes-Benz G-Class kabrioletining yangi prototipi namoyish etildi / Foto: Super Car Blog

Mercedes-Benz kompaniyasi klassik ochiq krossover formatini tiklab, G-Class kabrioletining prototipini taqdim etdi. Bu haqda The Super Car Blog ma’lum qildi.

Kompaniya pre-seriya namunasining fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib, uni «Afsona soyadan chiqib, ko‘chalarga qaytadi. Qaytishga tayyor bo‘ling» shiori bilan ta’rifladi.

Yangi G-Class Cabriolet standart G-Wagon dizaynini saqlab qolgan bo‘lsa-da, egiluvchan mato ustki qoplamasi bilan ajralib turadi. Taqdim etilgan suratlarga qaraganda, kabriolet to‘rt eshikli versiya asosida yaratilgan. Ustki qoplamaning ochilish mexanizmi hozircha oshkor qilinmagan.

Foto: Super Car Blog

G-Class kabrioletining texnik xususiyatlari hozircha sir saqlanmoqda. Kutilishicha, avtomobil standart modeldagi dvigatel qatori, avtomatik uzatmalar qutisi va to‘liq g‘ildirakli haydov tizimi bilan jihozlanadi. Bu esa G-Wagonning xarakteristikalarini saqlash imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, oldingi avlod G-Class Cabriolet 2013-yilda ishlab chiqarishdan chiqarilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mercedes-GLB 2026 yangilangan dizayn bilan namoyish etilgan edi.