
Ozarbayjonda «Ozarbayjon Xalq fronti» yetakchisi Ali Kerimli ikki yarim oyga hibsga olindi. U hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga urinishda ayblanmoqda va umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
1-dekabr kuni Boku shahrining Sabail tuman sudi Ali Kerimli va partiya rahbariyat a’zolaridan biri Mamed Ibrohimni 2 oy 15 kun muddatga hibsga olishga qaror qildi. Ular hukumatni zo‘ravonlik yo‘li bilan ag‘darishga suiqasd qilishda ayblanmoqda.
Kerimli 29-noyabr kuni qo‘lga olingan. Davlat OAVlari xabariga ko‘ra, uning uyida tintuv vaqtida prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Ramiz Mextiyevga tegishli deb aytilayotgan bir nechta xatlar topilgan. Mextiyevning o‘zi ham bir necha ayblovlar, jumladan, davlat to‘ntarishiga urinish va davlatga xiyonat bo‘yicha uy qamog‘iga olingan.
Reuters manbalariga ko‘ra, Kerimli Mextiyevdan moliyaviy yordam olganlikda ayblanmoqda. Ammo Kerimlining advokati siyosatchi bu ayblovlarni qat’iyan rad etayotganini, ularni siyosiy bosim deb hisoblashini bildirgan.
Mahalliy huquq faollari Kerimlining hibsini Ozarbayjonda siyosiy bosim kuchayganining navbatdagi belgisi sifatida baholamoqda. 2025-yil oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatda siyosiy mahbuslar soni 392 nafarga yetgan. Bu prezident Ilhom Aliyev davridagi eng yuqori ko‘rsatkich.
Avvalroq Humans’ning sobiq menejeri noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etishda ayblanib qo‘lga olingani xabar berilgandi. O‘zbekistonda PayWay to‘lov tizimi hammuassisi va kuzatuv kengashi a’zosi Bexzod Botirov noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etishda gumonlanib qamoqqa olingan. Botirov avval Humans Group tarkibidagi UPay to‘lov tashkilotini 6,5 yildan ortiq boshqargan. U 2025-yil 4-iyul kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani sudi qarori bilan hibsga olingan.