
Rossiyada yangi elektromobil «Atom» ishlab chiqarildi. Uning narxi va xususiyatlari kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
«Avtopotok» nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobilning rasmiy narxi 3,9 mln rubl ($50 mingdan ziyod)ni tashkil qiladi. Davlat subsidiyasi hisobga olinsa, narx 2,975 mln rubl ($38 mingdan ziyod)ga tushadi.
Solishtirish uchun, 2024-yilda chiqarilgan elektr «Moskvich 3e» narxi 4,1 mln rubl ($52,7 ming), 2023-yilda ishlab chiqarilgan modeli esa 3,95 mln rubl ($50,8 ming) bo‘lib, subsidiyadan so‘ng narxi 3,025 mln rubl (salkam $39 ming)ga tushadi. Shunda, “Atom» elektromobili sezilarli darajada arzon narxda taqdim etilmoqda.

Elektromobil o‘lchamlari 3995 × 1780 × 1615 mm bo‘lib, 204 ot kuchiga ega dvigatel va 77 kV·soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Bu WLTC standartiga ko‘ra 500 kmgacha masofani bosib o‘tish imkonini beradi.
20% dan 80% gacha zaryadlash vaqti yarim soatni tashkil qiladi. Burilish radiusi 4,9 metr, klirensi esa 170 mmga boradi. Avtomobilning maksimal tezligi 170 km/soatni tashkil qiladi. Unga beriladigan kafolat muddati esa 5 yil yoki 150 ming kilometr masofani qamrab oladi.
Elektromobil bir nechta variantlarda chiqariladi. Shaxsiy xaridorlar uchun, shuningdek, taksi, karshering, yetkazib berish xizmatlari va davlat buyurtmachilari uchun ham versiyalari mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dongfeng Nissan yangi gidrid sedan Nissan N6’ni namoyish etgan edi.