Samsung kompaniyasining ilk telefonlari qanday bo‘lgan

2-dekabr 2025 20:14 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung kompaniyasining ilk telefonlari
Foto: AVE

Smartfon bozorida Samsung brendining o‘rni alohida. Samsung 2025-yilning birinchi choragida 60,5 mln dona smartfon yetkazib berdi. Ikkinchi chorakda bu ko‘rsatkich 57,5 mln donani tashkil etdi. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida Samsung kompaniyasining ilk smartfonlari va ularning brend rivojidagi o‘rni haqida so‘z boradi.

Mundarija:

1980–1990-yillarda Samsung’ning ilk mobil telefonlari

Samsung mobil texnologiyalar olamiga 1980-yillarda dadil qadam qo‘ydi. Kompaniya 1985-yilda SC-1000 nomli avtomobilda foydalanishga mo‘ljallangan ilk uyali aloqa qurilmasini taqdim etdi. Ammo texnik nosozliklar tufayli bu model keng ommalashmadi. Shunga qaramay, Samsung izlanishlarni to‘xtatmadi va 1988-yilda tarixiy yangiligi bilan ajralib turgan Samsung SH-100 portativ telefonini yaratdi.

Foto: Android Autority

SH-100 Samsungning ilk qo‘l telefoni bo‘lgani bilan kifoyalanmay, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan birinchi uyali aloqa vositasi sifatida ham tarixga kirdi. O‘sha davrda mobil telefonlar hashamat hisoblangan.

Narxlarning yuqoriligi sabab har bir modeldan atigi bir necha ming dona sotilar edi. Biroq kompaniya har yili yangi qurilmalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, mobil bozordan joy olish uchun tinimsiz harakat qildi.

1990-yillarga kelib Samsungning sa’y-harakatlari o‘z samarasini bera boshladi. 1993-yilda kompaniya «Anycall» brendi ostida SH-770 modelini taqdim etdi. Ushbu telefon avvalgi qurilmalarga nisbatan ancha yengil va ixcham edi. Zamonaviy dizayni va qulayligi tufayli u iste’molchilar hamda mutaxassislar tomonidan iliq kutib olindi.

Foto: Business insider

Kuchli reklama va marketing strategiyasi Samsung brendiga bo‘lgan ishonchni keskin oshirdi. Natijada 1995-yilga kelib Janubiy Koreya ichki bozorida sotilgan uyali telefonlarning yarmidan ko‘pi Samsung hissasiga to‘g‘ri kela boshladi. Bu kompaniya uchun muhim burilish nuqtasi bo‘ldi.

1996-yilda esa Samsung global bozorga jiddiy kirib bordi. Kompaniya AQShning Sprint mobil operatori bilan $600 millionlik yirik shartnoma imzolab, CDMA standarti asosida ishlab chiqarilgan telefonlarni yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur hamkorlik Samsungni xalqaro maydonga olib chiqdi va uning nomini dunyo bo‘ylab tanitdi.

Birinchi tugmali telefonlar va bozordagi raqobat

1990-yillarning oxiri va 2000-yillar boshida mobil telefonlar asosan oddiy tugmali qurilmalar edi. O‘sha paytda bozorda kuchli raqobat hukm surardi va Samsung ajralib turish uchun dizayn hamda texnologik yangiliklarga alohida e’tibor qaratdi. Kompaniya 1999-yilda tarixda ilk bor MP3 pleer funksiyasiga ega mobil telefonni yaratdi. Bu Samsung SPH-M2500 modeli edi va u telefon orqali musikani tinglash imkonini bergan birinchi qurilma sifatida e’tiborni tortdi.

Foto: EPH

2002-yilda Samsung navbatdagi katta yutuqqa erishdi. Kompaniya SGH-T100 modelini taqdim etib, rangli TFT-LCD displeyga ega ilk mobil telefonni ommaga chiqardi. Ushbu qurilma nafaqat texnologik yangiligi, balki jozibali dizayni bilan ham foydalanuvchilarni rom etdi. Natijada telefon bir yil ichida 10 mlndan ortiq sotilib, o‘sha davr uchun misli ko‘rilmagan tijoriy muvaffaqiyatga aylandi.

2003-yilda esa Samsung yana bir innovatsiyani taqdim etdi. SGH-E700 modeli dunyoda birinchi bo‘lib ichki, ko‘zga ko‘rinmaydigan yashirin antennaga ega buklama telefon bo‘ldi. Premium dizayni va ixcham shakli tufayli ushbu qurilma tezda ommalashib, Samsungni zamonaviy va nufuzli brend sifatida yanada mustahkamladi.

Shu yillarda mobil bozorning asosiy yetakchilari Nokia va Motorola hisoblanardi. Samsung ularga qarshi raqobatda izchil o‘sish yo‘lini tanladi. 2000-yillar boshida kompaniya ko‘plab mintaqalarda CDMA segmentida muhim bozor ulushini qo‘lga kiritdi. Keyinchalik GSM texnologiyasiga faol kirib kelib, jahon bozoridagi ishtirokini kengaytirdi.

Foto: SlashGear

Biroq 2010-yilgacha Samsungning global mobil telefon bozoridagi ulushi 5 foizdan oshmadi. Xuddi shu davrda Nokia qariyb 40 foizlik ulush bilan mutlaq yetakchi bo‘lib qolayotgan edi. Shunga qaramay, Samsung tugmali telefonlar segmentida mustahkam o‘rin egallab, texnologik yangiliklar, noodatiy dizayn va marketing yondashuvlari orqali millionlab foydalanuvchilar e’tiborini tortib bordi. Aynan mana shu tajribalar kompaniyaning keyingi yirik sakrashlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi.

2000-yillarda tugmali telefonlardan smartfonlarga o‘tish

Foto: Phone Arena

2000-yillar mobaynida mobil telefonlar asta-sekin oddiy aloqa vositasidan ko‘p funksiyali «aqlli» qurilmaga aylana boshladi. Dastlab telefonlarga SMSdan tashqari elektron pochta, kalender, kamera, oddiy o‘yinlar va internetga ulanish imkoniyatlari qo‘shildi. Shu tariqa foydalanuvchilar telefon orqali nafaqat qo‘ng‘iroq qilish, balki axborot olish va kundalik ishlarni ham bajarishga o‘rganib bordi. Ana shu jarayon yangi tushuncha – smartfonning shakllanishiga yo‘l ochdi. Smartfonlar to‘liq operatsion tizimda ishlovchi, ilovalar o‘rnatish mumkin bo‘lgan rivojlangan mobil qurilmalar sifatida maydonga chiqdi.

Samsung ham bu texnologik burilishdan chetda qolmadi. 2000-yillar boshidayoq kompaniya telefon va cho‘ntak kompyuterini birlashtiruvchi qurilmalarni ishlab chiqara boshladi. 2001-yilda taqdim etilgan Palm OS asosida ishlovchi telefon-PDA modeli Samsung uchun smartfonlar tomon tashlangan ilk jiddiy qadam bo‘ldi. Bu qurilma zamonaviy «aqlli telefon» g‘oyasining dastlabki amaliy ko‘rinishlaridan biri edi.

Foto: Phone Arena

2007-yilda Apple iPhone’ni namoyish qilib, mobil bozorda tub burilish yasadi. Sensorli ekran, qulay interfeys va ilovalar konsepsiyasi butun sanoatni yangi yo‘nalishga burib yubordi. Samsung bunga javoban 2008-yilda sensorli displeyga ega Samsung Instinct modelini taqdim etdi. U tashqi ko‘rinishi va qo‘llanish tajribasi bilan iPhone’ga yaqin bo‘lsa-da, texnik imkoniyatlari hali to‘liq smartfon darajasiga yetmagan edi.

Samsung’ning ilk smartfonlari

Foto: Vikipediya

Samsung kompaniyasi Android davri boshlanishidan ancha avval ham smartfonlar ishlab chiqarish yo‘lida dastlabki tajribalarni amalga oshirgan edi. Kompaniya 2001-yilda AQSh bozoriga Palm OS operatsion tizimida ishlovchi Samsung SPH-i300 modelini taqdim etdi. Bu qurilma telefon va PDA funksiyalarini birlashtirgan bo‘lib, AQShda rangli ekranga ega bo‘lgan ilk «PDA-fon» sifatida tan olingan. SPH-i300 Palm OS 3.5 tizimida ishlagan, sensorli displeyga ega bo‘lgan va stilus yordamida yozish imkonini bergan. Qurilmada qo‘ng‘iroq va SMSdan tashqari kontaktlar kitobi, kalender, reja tuzish dasturi hamda internet brauzer mavjud edi. Shu model orqali Samsung smartfonlar davriga ilk bor qadam qo‘ydi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Keyingi yillarda kompaniya Microsoft’ning Windows Mobile operatsion tizimida ham faol ishlay boshladi. 2003-yilda taqdim etilgan Samsung SGH-i700 modeli Windows Mobile Pocket PC Phone Edition tizimida ishlovchi to‘liq sensorli displeyga ega smartfon edi. U GSM va GPRS tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlab, keng ekran, raqamli kamera, SD xotira kartasi uchun uyacha hamda mobil internet orqali elektron pochta bilan ishlash imkonini taklif qildi. Windows Mobile asosidagi bu qurilmalar Samsung‘ni asosan biznes foydalanuvchilari va texnologiya ixlosmandlari orasida tanitdi.

Samsung Symbian operatsion tizimini ham sinab ko‘rdi. O‘sha paytda Nokia boshchiligida keng tarqalgan ushbu platformada Samsung 2003-yilda SGH-D700 modelini ishlab chiqardi. Symbian OS 6.1 tizimida ishlagan ushbu smartfon aylanuvchi ekran, kamera va multimediya imkoniyatlariga ega edi hamda Series 60 interfeysidan foydalangan. Garchi model ommaviy bozorda katta muvaffaqiyat qozonmagan bo‘lsa-da, Samsungning Symbian davridagi ilk jiddiy tajribalaridan biri bo‘lib tarixda qoldi.

Foto: Wired

Keyingi yillarda kompaniya Symbian asosidagi yanada rivojlangan modellarga ham qo‘l urdi. 2008-yilda chiqarilgan Samsung Innov8 (i8510) 8 megapikselli kuchli kameraga ega bo‘lib, o‘sha davrda eng ilg‘or kamerali smartfonlardan biri sanalgan. 2009-yilda taqdim etilgan Samsung Omnia HD (i8910) esa katta AMOLED ekraniga ega bo‘lgan Symbian-smartfon sifatida mashhurlikka erishdi. Bu qurilmalar Samsungning Symbian ekotizimida faol ishtirok etganini ko‘rsatsa-da, kompaniya ayni paytda yanada istiqbolli platformalarni qidirishda davom etayotgan edi.

Samsung kompaniyasining ilk Android smartfoni

Foto: CNET

2009-yilga kelib Android operatsion tizimi mobil sanoatda jadal ommalasha boshladi. Samsung ham bu jarayondan chetda qolmadi va o‘sha yil yozida o‘zining ilk Android bazasidagi smartfonini taqdim etdi. Bu model Samsung Galaxy GT-I7500 bo‘lib, u 29-iyun kuni rasman savdoga chiqarildi. Shu tariqa Samsung Android ekotizimidagi uzoq va muvaffaqiyatli yo‘lini aynan mana shu qurilmadan boshladi.

O‘sha davrda kompaniya turli operatsion tizimlarda ishlovchi telefonlar ishlab chiqarar edi. Samsung Bada OS, Windows Mobile va hatto Symbian tizimiga ega modellarga ega bo‘lgan bir paytda, Android Galaxy GT-I7500 orqali kompaniya mahsulot qatoriga rasman qo‘shildi. Bu esa Samsung strategiyasida muhim burilish bo‘ldi.

Foto: You Tube

Galaxy GT-I7500 texnik ko‘rsatkichlari o‘z davri uchun ancha ilg‘or edi. Smartfon 3,2 dyuymli AMOLED texnologiyasiga ega sensorli ekran bilan jihozlanib, 320×480 piksel aniqlikni taklif etdi. Qurilma 528 MHz chastotada ishlovchi Qualcomm MSM7200A protsessori va 128 MB tezkor xotira bilan ishlardi. Ichki xotirasi 8 GB bo‘lib, uni microSD karta orqali 32 GBgacha kengaytirish mumkin edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri eng qulay va kuchli 5 ta smartfon haqida yozgan edi.

Shuningdek