
Jizzaxda 290 mlrd so‘mlik yo‘l o‘tkazgich va yangi avtomobil yo‘li qurildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur yo‘l sutkasiga 14 mingdan ortiq avtomobil harakatini ta’minlaydi. Avvallari aholi shahar tomon qatnashi uchun 25 kilometr aylana yo‘ldan foydalanishga majbur edi. Yangi o‘tkazgich orqali bu masofa 4 kilometrgacha qisqardi va tirbandlik muammosi bartaraf etildi. Yangi infratuzilma haydovchilar, tadbirkorlar, logistika hamda xizmat ko‘rsatish sohasi uchun qulaylik yaratdi.

O‘tkazgich metall konstruksiyalar asosida zamonaviy texnologiyalar bilan barpo etilgan bo‘lib, uning xizmat muddati 100 yilga baholanmoqda. Taqqoslash uchun, an’anaviy temir-beton yo‘l o‘tkazgichlar odatda 50 yil xizmat qiladi.
Yangi inshoot yana bir muammoni ham bartaraf etdi. Ilgari temir yo‘l kesishmasida yo‘lovchi va yuk poyezdlari o‘tganda avtomobillar harakati to‘xtab qolardi. Endilikda o‘tkazgich ishga tushishi bilan tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va boshqa maxsus xizmatlar harakati uzluksiz amalga oshiriladi.

Safar davomida prezidentga Jizzax viloyatida barpo etilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasi haqida ham axborot berildi. Hozir viloyatda ikkita kam quvvatli va ikkita yirik reaktordan iborat integratsiyalashgan AES qurilishi boshlangan. Ayni paytda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, qurilish-montaj bazasi hududi tekislangan, betonlash va armatura o‘rnatish ishlari bajarilmoqda.

Taqdimotda AES uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliy o‘quv yurtlarida sohaga mos mutaxassislar tayyorlashni kengaytirish rejasi taqdim etildi. Bundan tashqari, stansiyada ishlaydigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurilishi loyihasi haqida ma’lumot berildi. Yangi shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda, 10 ming nafar aholiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy hamda xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi.
Prezidentga, shuningdek, Jizzax shahrining kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdim etildi. Renovatsiya dasturi doirasida eskirgan uy-joylar o‘rnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turar joylar qurilishi, IT-markaz tashkil etilishi, hunarmandchilik markazi barpo etilishi, ayrim mavjud majmualarning rekonstruksiya qilinishi hamda gavjum ko‘chalarni tartibga keltirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev bugun Jizzaxdagi yo‘l va transport infratuzilmasi bilan tanishishi haqida yozgan edi.