Sport

Superkompyuter O‘zbekistonning «JCh – 2026» dagi g‘alaba qozonish imkoniyatini baholadi

O‘zbekiston termasining jahon chempionatida yutish ehtimolini 0,2 foiz deb baholadi
Foto: O‘FA

Opta platformasining superkompyuteri O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionatida g‘alaba qozonish imkoniyatini hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning jahon chempionatida yutish ehtimoli 0,2 foizni tashkil etadi.

Hisob-kitoblariga ko‘ra, Ispaniya terma jamoasining g‘alaba qozonish ehtimoli eng yuqori bo‘lib, 17 foizni tashkil etdi. Undan keyin Fransiya (14,1 foiz) va Angliya (11,8 foiz) joy oldi. Argentinaning yutish ehtimoli 8,7 foiz deb baholangan.

Foto: Opta

Shuningdek, Gaiti, Kurasao va Iordaniya kabi terma jamoalarning musobaqada g‘alaba qozonish ehtimoli esa nol foizga teng deb belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Goal.com portali ham «JCh – 2026»ga chiqqan jamoalarning imkoniyatlarini baholagan edi. Sayt ekspertlari O‘zbekiston terma jamoasini ro‘yxatda 27 jamoadan 25-o‘ringa qo‘ygan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «JCh – 2026» qur’asida O‘zbekiston uchinchi savatdan joy olgani haqida xabar bergan edi.