Termiz — Hayraton ko‘prigida fuqarolar harakati tiklandi

Termiz — Hayraton ko‘prigi orqali fuqarolarni o‘tkazish punktlari qayta ish boshladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar bermoqda.
Chegarani kesib o‘tishda viza talabi saqlanib qoladi. Chegaradan o‘tish tartibining qayta yo‘lga qo‘yilishi eksport qiluvchi korxonalar uchun katta qulaylik yaratmoqda. So‘nggi yillarda Afg‘onistonga eksport hajmi barqaror o‘sib bormoqda. Ushbu yo‘nalishning tiklanishi 2026-yilda eksport hajmini $2,5 mlrdgacha yetkazish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Hayraton yoki Mozori Sharifda ombor ochgan tadbirkorlarga omborni saqlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar to‘liq qoplab beriladi. Shuningdek, mahsulotlarni Afg‘onistonning 34 viloyatida reklama qilish xarajatlari ham to‘liq kompensatsiya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Mozori Sharifda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy texnika markazi ochilgani haqida yozgan edi.