
Butunjahon antidoping agentligi (WADA) ijroiy qo‘mitasi yig‘ilishida O‘zbekiston Milliy antidoping tashkilotini talab qilingan me’yorlarga mos kelmagani sababli kuzatuv ro‘yxatiga kiritildi.
Kuzatuv ro‘yxatiga kiritish WADA tomonidan rasmiy jazo hisoblanmasa-da davlat antidoping tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etishning so‘nggi imkoniyati sanaladi. Agar talab qilingan tuzatishlar to‘rt oy ichida amalga oshirilmasa, WADA rasmiy nomuvofiqlik to‘g‘risida xabarnoma yuborishi va tegishli sanksiyalarni qo‘llashi mumkin.
WADA prezidenti Vitold Banka Ijroiya qo‘mitasining qarorlari kelgusi oylar va yillarda sportchilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, yig‘ilishda 2027-yilgi Jahon Antidoping kodeksi va tegishli Xalqaro standartlarning yangilanish jarayoni yakuniy ko‘rib chiqildi. Mazkur jarayonda 60 dan ortiq mamlakat va 70 sport turidan 600 ga yaqin sportchining fikrlari inobatga olingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lazizbek Mullajonov antidoping qoidalarini buzganligi uchun uch yilga diskvalifikatsiya qilingani haqida xabar bergan edi.