
Shanxay Jiao Tong universiteti olimlarining tadqiqotlari asosida atmosferadan suv yig‘ish bo‘yicha dunyodagi birinchi keng qamrovli kompleks taqdim etildi. Bu haqda China Daily xabar berdi.
ITEWA yetakchi olimi va 2023-yilgi Global Energy Prize laureati Van Ruju ta’kidlashicha, havodan ichimlik suvi olish «insoniyatning notekis suv taqsimotini hal qilishdagi eng oliy orzularidan biridir». Mutaxassislar ushbu yechimlar yuqori harorat va namlik, past harorat va namlik, shuningdek, yuqori harorat va past namlik kabi turli iqlim sharoitlarida suv tanqisligini bartaraf etishga moslashtirilganini izohladi.
Innovatsiyalar orasida infratuzilma talab qilmaydigan, quyosh energiyasi bilan ishlaydigan avtonom tashqi ichimlik suvi stansiyasi mavjud. Kichik avtobus bekati hajmiga teng ushbu qurilma kuniga 50 litrgacha suv ishlab chiqaradi hamda 15 dan 40 °C gacha haroratda va 35 dan 99 foizgacha namlikda ishlay oladi.
Shanxay munitsipaliteti Fan va texnologiyalar komissiyasi yuqori texnologiyalar bo‘limi direktori Chjao Yisin bu texnologiyalarni chekka hududlarni suv bilan ta’minlash va shahar suv resurslarining barqarorligini oshirishda yangi yo‘l sifatida baholadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Orol dengizining qurigan tubida yangi ilmiy-tadqiqot stansiyasi ish boshlagani haqida xabar bergan edi.