YI O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda davlat moliyasini isloh qilish uchun 1 mln yevro ajratadi

Yevropa Ittifoqi (YI) Jahon banki orqali Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida davlat moliyasini boshqarish tizimlarini takomillashtirishni davom ettiradi. Bu haqda Toshkentda o‘tgan Transkaspiy transport koridori bo‘yicha Investitsiya forumida yangi hamkorlik kelishuvi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, YI Jahon bankiga «Davlat moliyasini boshqarishda o‘zaro o‘rganish va tajriba almashish» (PEMPAL) dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 million yevro mablag‘ ajratadi.
Dastur hozirda 20 dan ortiq Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarini qamrab oladi.
PEMPAL dasturi ishtirokchi davlatlarning moliya vazirliklariga budjet jarayonini shaffoflashtirish, ichki audit va nazorat tizimlarini kuchaytirish, g‘aznachilikni modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda islohotlarni yanada samarali amalga oshirishga yordam beradi.
YI tomonidan ajratilgan mablag‘lar 2026–2030-yillar davomida PEMPAL dasturining asosiy maqsadlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Mablag‘lar O‘zbekistonning davlat moliyasini boshqarish tizimini rivojlantirishga doir tadbirlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 7 foizga oshgani haqida yozgandi.