
Doogee kompaniyasi o‘zining yangi Doogee V Max LR smartfonini global bozorda sotuvga chiqarilganini e’lon qildi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Modelning narxi $580 etib belgilangan. Smartfon IP68 va IP69K standartlari bo‘yicha chang va suvdan to‘liq himoyalangan. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, qurilma -20°C dan +55°C gacha bo‘lgan harorat oralig‘ida muammosiz ishlay oladi.
V Max LR MediaTek Dimensity 7300 protsessori asosida ishlaydi va Android 15 operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Qurilmaga sig‘imi 20 500 mA/soat bo‘lgan ulkan akkumulyator o‘rnatilgan. U 45 Vt simli tezkor quvvatlash va 10 Vt teskari quvvat berish funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Old kamera 32 MP bo‘lsa, asosiy blokda 200 MP va 8 MP sensorlar joylashgan. Bundan tashqari, qo‘shimcha infraqizil kamera ham mavjud. Smartfon g‘ayrioddiy imkoniyatlari bilan ham ajralib turadi. Unga 130 dB ovoz kuchiga ega juda baland sirena-dinamik, 120 lyumenli ikkita fonar hamda 40 metrgacha masofani o‘lchay oladigan lazerli masofa o‘lchagich o‘rnatilgan.
Qurilmada 16 GB tezkor xotira va 512 GB doimiy xotira mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Vivo S50 Pro Mini smartfoni haqida ilk ma’lumotlar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.