
Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatida ishlab chiqarish va eksportni oshirish hamda tannarxni pasaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mamlakatda kimyo sanoatini rivojlantirish va raqamlashtirish bo‘yicha aniq strategiya qabul qilingan. 2030-yilgacha tarmoq hajmini ikki barobar oshirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1,5 barobarga ko‘paytirish va eksportni $1 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda tarmoqda qiymati $1 mlrdlik 21 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda, kelgusi uch yil uchun esa yana $4,5 mlrdlik tashabbuslar rejalashtirilgan.
Taqdimotda ba’zi yirik korxonalardagi ishlab chiqarish quvvatlari eskirgani, energiya xarajatlari yuqoriligi va raqobatbardoshlik pastligi qayd etildi. Masalan, azotli o‘g‘itlar tannarxining 55 foizi energiya xarajatlariga to‘g‘ri keladi. Shu sababli energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish va raqamlashtirish orqali xarajatlarni kamaytirish zarur.
Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yangi mahsulot turlarini ishlab chiqish va eksportni ikki barobarga oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Joriy yilda Toshkent, Navoiy va Jizzax viloyatlarida «yashil» mineral o‘g‘itlar, sian tuzlari, kaliy ksantogenat va kaliy sulfati ishlab chiqaradigan loyihalar ishga tushdi. Ushbu mahsulotlar eksportini oshirish bo‘yicha hisob-kitoblar qilinishi zarur.
Kelgusi yilda 4,5 mln tonna paxta yetishtirish maqsad qilingan. Buning uchun fosforli o‘g‘itlar zaxirasini tayyorlash, o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga sulfat kislotasini yetkazish va fermerlarni o‘g‘it bilan ta’minlash uchun imtiyozli kreditlar ajratish zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi haqida yozgan edik.