
2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal o‘sishi kutilmoqda, AQSh hukumati 19 ta davlatdan immigratsiyani vaqtincha to‘xtatdi, «Manchester Siti» esa Husanovsiz o‘tgan o‘yinda 4 gol gol o‘tkazib yubordi. Shuningdek, OpenAI «qizil kod» e’lon qildi — Kursiv Uzbekistan tomonidan 3-dekabrning muhim hodisalari jamlandi.
2026-yilda O‘zbekiston YIM o‘sishi 6,6 foizgacha yetishi kutilmoqda
3-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi 6,6 foiz etib prognoz qilinmoqda. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIM hajmi $4,6 darajaga yetishi kutilmoqda.
AQSh 19 ta davlatdan immigratsiyani qisman va to‘liq to‘xtatdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari milliy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 19 ta davlatdan keluvchilar uchun immigratsiya jarayonlarini vaqtincha to‘xtatdi. Cheklov siyosati iyun oyida qisman sayohat taqiqi qo‘yilgan 19 mamlakat fuqarolariga nisbatan amal qiladi. Ushbu mamlakatlar qatoriga Afg‘oniston, Somali, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Sudan, Yamanga nisbatan iyun oyida eng qat’iy immigratsiya cheklovlari qo‘llangan.
O‘zbekiston Qozog‘istonda tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda

2025-o‘quv yilida Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalarida 88 davlatdan 35 ming nafar xorijiy talaba o‘qimoqda. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 11 foiz ko‘p. Qozog‘istonda eng ko‘p o‘qiyotgan talabalar Hindistondan – 9,9 ming, Turkmanistondan – 9 ming, O‘zbekistondan – 4,1 ming, Xitoydan – 3,4 ming, Rossiyadan – 2,4 ming talaba. Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Xitoydan kelayotgan talabalar oqimi tibbiyot, muhandislik, IT va ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarga bo‘lgan talabning yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Abduqodir Husanov zaxirada qolgan bahsda «Man Siti» 4 ta gol o‘tkazib yubordi

Angliya Premer ligasining 14-turida «Manchester Siti» «Fulhem»ga qarshi mehmondagi bahsda ishtirok etdi. Umumiy hisobda to‘qqizta gol kiritilgan dramatik o‘yinda 4:5 hisobida «shaharliklar» g‘alabaga erishdi. Birinchi taymda katta ustunlikka ega bo‘lgan «Manchester Siti» bo‘limni 1:3 hisobida yakunladi. «Fulhem» kutilmaganda o‘yin tizginini o‘z qo‘liga olib ketma-ket hujumlar uyushtira boshladi. Dastlab Ivobi uzoq masofadan chiroyli gol kiritgan bo‘lsa, 72 va 78-daqiqalarda Chukveze o‘z dubli bilan hisobni 4:5 ko‘rinishiga olib keldi. O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ushbu uchrashuvda zaxirada qoldirildi.
Google barcha Android qurilmalarida yangi funksiyalarni ishga tushirdi

Google Android 16 yangilanishi bilan birga barcha Android qurilmalariga versiyasi va modelidan qat’iy nazar yangi funksiyalar to‘plamini taqdim qila boshladi. Google eng muhim funksiyalardan biri sifatida Call Reason tizimini ishga tushirdi. Endi kontaktga qo‘ng‘iroq qilayotganda, qo‘ng‘iroqni «shoshilinch» deb belgilash imkoni bor.Bu belgini qabul qiluvchi tomon ekranda ko‘radi va qo‘ng‘iroqning oddiy suhbat emasligini, haqiqatan ham muhim ekanini bilib oladi.
OpenAI rahbari ChatGPT sifatini oshirish uchun «qizil kod» e’lon qildi

OpenAI direktori Sem Altman kompaniya ichidagi xodimlarga yuborgan ichki murojaatida ChatGPT sifatini keskin yaxshilash bo‘yicha code red — favqulodda rejim joriy etilganini ma’lum qildi. Murojaatga ko‘ra, kompaniya quyidagi yo‘nalishlarga ustuvorlik bermoqda:
- shaxsiylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish;
- xizmat tezligi va barqarorligini oshirish;
- chatGPT qamrab oladigan savollar doirasini kengaytirish.
Altman xodimlarga «asosiy diqqatni ChatGPT tajribasini yaxshilashga qarating», deya topshiriq bergan.
Toyota va Lexus 5-dekabr kuni yangi avtomobillarini namoyish etadi

Toyota 5-dekabr kuni yangi flagman sportkarini namoyish qiladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi. Taqdimotda kamida yana ikkita yangi model ham ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Tizerlardan ko‘rinishicha, tadbirning asosiy yangiligi uzun kapotli va original LED chiroqlarga ega yangi GR GT superkari bo‘ladi. Treklarda haydash uchun alohida versiya ham tayyorlanmoqda.
Prada uzoq davom etgan muzokaralardan keyin Versace’ni sotib oldi

Moda olamida yilning eng yirik bitimlaridan biri amalga oshdi: Italiyaning Prada moda uyi uzoq va murakkab muzokaralardan so‘ng afsonaviy Versace brendini sotib olganini rasman e’lon qildi.1,51 mlrd dollarga baholanayotgan ushbu kelishuv hashamatli brendlar bozorida kuchlar muvozanatini o‘zgartirib, Prada guruhining global mavqeyini sezilarli darajada mustahkamlaydi. Mutaxassislar ushbu birlashuv Versace brendining o‘ziga xosligini saqlab qolgan holda, uning boshqaruv tizimi va moliyaviy barqarorligini yangi bosqichga olib chiqishini taxmin qilishmoqda.
Qozog‘istonning yana ikki futbol klubi xususiylashtiriladi

Qozog‘iston chempionatida o‘ynayotgan 14 ta professional futbol klubining beshtasi xususiy qo‘llarga o‘tdi, yana ikki klub bo‘yicha esa muzokaralar olib borilmoqda. Hozirgacha «Aqto‘be», «Qaysar», «Shaxtyor», «Qiziljar» va «Jenis» rasman hususiylashtirilgan. Vazir o‘rinbosari Serik Jarasbayevning ta’kidlashicha, qolgan ikki klub uchun ham homiylar qidirilmoqda. Qozog‘iston prezident Qasim-Jomart Toqayevning topshirig‘iga ko‘ra, xususiylashtirish jarayoni 2026-yil martigacha to‘liq yakunlanishi kerak.
Kventin Tarantino XXI asrning eng yaxshi filmlarini ma’lum qildi

Mashhur rejissyor Kventin Tarantino «Bret Easton Ellis» podkastida chiqish qilib, 21-asrning o‘zi uchun eng yaxshi 10 ta filmini aytib o‘tdi. Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Ridli Skotning 2001-yilda suratga olingan «Qora qirg‘iy halokati» («Black Hawk Down») harbiy kartinasini egalladi. Ikkinchi o‘rinni «O‘yinchoqlar Tarixi 3» («Toy Story 3») animatsion filmi egallagan bo‘lib, rejissyor uni «deyarli mukammal film» deb atadi. Uchinchi o‘rinda Sofiya Koppolaning «Tarjima mashaqqatlari» («Lost in Translation») filmi joylashgan.
Olimpiada oltin medali kimoshdi savdosida

1968-yil Mexiko shahrida o‘tgan Yozgi Olimpiada o‘yinlarida boks bo‘yicha og‘ir vazn chempioni Jorj Formanga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan oltin medal auksion savdosiga chiqarildi. Hozirga qadar savdoga 11 ta taklif berilib, joriy narx $6,5 mingga yetdi. Savdo yakuniga uch kundan ortiq vaqt qolmoqda.
Avvalroq 2-dekabrda sodir bo‘lgan muhim hodisalar e’lon qilingan edi.