
Shavkat Mirziyoyevga davlat idoralarining aholi bilan kommunikatsiyasini samarali tashkil etish bo‘yicha ishlar haqida axborot taqdim etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mamlakatda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar davom etmoqda, shuningdek, aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi takomillashtirilmoqda. Xalq qabulxonalarining imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va jamoatchilik fikrini qarorlar qabul qilishda hisobga olish dolzarb ahamiyatga ega.
Aholining kayfiyati, ehtiyoji va orzu-intilishlarini aniq o‘rganishda zamonaviy sotsiologik va tahliliy usullardan foydalanish, islohotlarning samaradorligini baholash va taraqqiyot dasturlarini to‘g‘ri ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz davlat idoralari faoliyatida xalq bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarni eshitish va ularning fikrini hisobga olgan holda qarorlar qabul qilish bosh mezon bo‘lishi shartligini belgiladi.
Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar nafaqat tezkor javob bilan qoplanishi, balki tizimli tahlil qilinib, sotsiologik tadqiqotlar natijalari bilan solishtirilishi va tegishli yechimlar ishlab chiqilishi zarurligi qayd etildi. Shu bilan birga, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot sifati va ishonchni mustahkamlash hokimiyat va mahalliy ijro etuvchi organlarning asosiy vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Hokimiyat va aholi o‘rtasidagi doimiy muloqotning institutsional asoslarini mustahkamlash, zamonaviy modelini shakllantirish va uni jamoatchilik fikrini o‘rganish tizimiga bog‘lash muhimligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi haqida yozgan edik.