Yangiliklar

Belgiyada Federika Mogerini qo‘lga olindi

Tergov doirasida Yevropa tashqi aloqalar xizmati sobiq bosh kotibi Stefano Sannino hamda Yevropa kolleji xodimlaridan biri ham ushlangan
Foto: EEAS

2-dekabr kuni Yevropa diplomatiyasining sobiq rahbari Federika Mogerini Belgiyada qo‘lga olindi. U Yevropa kolleji doirasida tashkil etilgan diplomatlarni tayyorlash dasturi bilan bog‘liq ehtimoliy firibgarlik ishi bo‘yicha tergov qilinmoqda.

Tergov doirasida Yevropa tashqi aloqalar xizmati sobiq bosh kotibi Stefano Sannino hamda Yevropa kolleji xodimlaridan biri ham ushlangan. Ushbu xodimning shaxsi hozircha oshkor etilmagan.

Euractiv ma’lumotiga ko‘ra, 2-dekabr tongida politsiya Bryusseldagi Yevropa tashqi aloqalar xizmati idorasida tintuv o‘tkazgan.

Yevropa prokuraturasi so‘roviga ko‘ra, sud yuqori martabali amaldorlarni ham o‘z ichiga olgan ayrim gumondorlardan daxlsizlik huquqini bekor qildi.

Ish 2021–2022-yillarda Yevropa Ittifoqi mablag‘laridan noqonuniy foydalanilgan bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq. Gap yevropalik diplomatlar uchun mo‘ljallangan 9 oylik o‘quv dasturi tenderini o‘tkazish jarayoni haqida ketmoqda. Tendеrni Yevropa tashqi aloqalar xizmati tashkillashtirgan, g‘olib esa Yevropa kolleji bo‘lgan. Tergov kollej vakillari tanlov mezonlaridan oldindan xabardor bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlamoqda.

Yevropa prokuraturasi korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvi, xizmat sirini oshkor qilish va firibgarlik alomatlariga oid jiddiy shubhalar mavjudligini bildirgan.

Shuningdek, Yevropa kolleji tomonidan Bryugge shahrida talabalar yashashi uchun $3,2 mlnlik bino xarid qilinishi ham alohida tekshiruv ostiga olingan.

Federika Mogerini Italiya sobiq tashqi ishlar vaziri hisoblanadi. U 2014–2019-yillarda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili lavozimida ishlagan. 2020-yil sentabrdan buyon esa Yevropa kolleji rektori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Belgiya O‘zbekistonda elchixona ochishi haqida yozgan edi.