BYD Dolphin elektromobili 1 mln donadan ko‘proq sotildi

3-dekabr 2025 12:01 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
BYD Dolphin elektromobili / Foto: BYD

BYD kompaniyasining BYD Dolphin elektromobili umumiy savdoda 1 mln dona ko‘rsatkichdan oshdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Model bu natijaga eng tez erishgan avtomobil sifatida qayd etildi. Model ilk bor 2021-yil avgustda taqdim etilgan. U Ocean seriyasining birinchi avtomobili hisoblanadi. Hozir Xitoy bozorida 2025-yilgi Dolphin to‘rt xil komplektatsiyada sotilmoqda, narxlar 99,8 mingdan 129,8 ming yuangacha, yurish zaxirasi esa CLTC standarti bo‘yicha 420 va 520 kmni tashkil etadi.

Avtomobil BYD e-Platform 3.0 platformasida qurilgan bo‘lib, o‘lchamlari 4125×1770×1570 mm, g‘ildirak bazasi 2700 mmga teng. Kuzov karkasining 78,2 foizi yuqori mustahkam po‘latdan tayyorlangan.

Foto: BYD

Dolphin ikki xil kuch uzatma bilan taklif etiladi. Birinchi versiya 70 kVt quvvatga ega elektromotor, 94 ot kuchi va 180 Nm moment hamda 44,93 kVt/soatli Blade batareya bilan jihozlangan bo‘lib, yurish masofasi 420 kmni, 0 dan 50 km/soatgacha tezlashuvi 3,9 soniyani tashkil etadi. Ikkinchi versiya esa 150 kVt yoki 201 ot kuchli elektromotor, 310 Nm moment va 60,48 kVt/soatli Blade batareya bilan ta’minlangan. Bunda yurish zaxirasi 520 kmga yetadi, 0 – 50 km/soat tezlashuvi 3,5 soniya davom etadi. Tezkor zaryadlashda batareya 30 foizdan 80 foizgacha 30 daqiqa ichida to‘ldiriladi.

Salon 5 dyuymli raqamli panel, 10,1 yoki 12,8 dyuymli markaziy sensorli ekran hamda BYD DiLink multimedia tizimi bilan jihozlangan. Yuqori komplektatsiyada 50 Vt quvvatli simsiz tezkor zaryadlash mavjud. Model DiPilot haydovchiga yordam beruvchi tizimlar to‘plami bilan ta’minlangan bo‘lib, unda adaptiv kruiz-nazorat, avtomatik favqulodda tormozlash va yo‘ldan chiqishni ogohlantirish kabi yetti funksiyadan foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Ti7 avtomobili global bozorda chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek