Yangiliklar

Dehlida zaharli havo sabab 200 mingdan ortiq o‘tkir respirator kasallik qayd etildi

So‘nggi uch yilda ifloslangan havo tufayli 30 ming nafar bemor shifoxonalarga yotqizilgan
Foto: BBC

Hindiston poytaxti Dehlida havo ifloslanishi darajasining ortishi fonida 200 mingdan ziyod o‘tkir respirator kasallik holatlari aniqlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, kasallanish ko‘rsatkichlari barqaror yuqoriligicha qolmoqda. 2022-yilda 67 mingta, 2023-yilda 69 mingta va 2024-yilda 68 mingta holat ro‘yxatga olingan. Faqatgina oltita davlat shifoxonasining o‘zida o‘tgan uch yil davomida 30 mingdan ortiq kishi kasalxonaga yotqizilgan.

Ayni paytda Dehlida havo sifati indeksi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan me’yordan 20 baravar oshib ketgan. Ma’lumotlariga ko‘ra, chorshanba kuni ertalab o‘rtacha indeks 380’ni tashkil qilgan. Mintaqadagi ekologik inqiroz sanoat chiqindilari, transport vositalari, havo haroratining pasayishi va qo‘shni shtatlarda ekin maydonlarining yoqilishi kabi omillar yig‘indisi tufayli yuzaga kelmoqda.

Shifoxonalarga zaharli havo ta’sirida salomatligi yomonlashgan bolalar oqimi sezilarli darajada ko‘paygan. Vaziyat yuzasidan Dehli Oliy sudi havoning xavfli darajada ifloslanishiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish bo‘yicha iltimosnomani ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hindistondagi portlash oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘lgani haqidaxabar bergan edi.