
Yil oxiri va qish fasli oilaviy budjet uchun eng mas’uliyatli davrlardan biri hisoblanadi. Dekabr va yanvar oylarida bayramlarga tayyorgarlik, sovg‘a xaridlari, sovuq mavsum tufayli uy xarajatlarining oshishi hamda kommunal to‘lovlarning ko‘payishi umumiy sarf-xarajatlarni sezilarli darajada ko‘taradi. Ko‘pchilik aynan shu davrda moliyaviy bosimni kuchli his qiladi. Biroq puxta rejalashtirish va to‘g‘ri yondashuv yordamida bu oylarni ham tejamkor, xotirjam o‘tkazish mumkin. Quyida O‘zbekiston sharoitida dekabr va yanvar xarajatlarini kamaytirishning 5 samarali usuli keltiriladi.
Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olasiz:
- Bayram va mavsumiy xarajatlarni oldindan rejalashtiring;
- Energiya tejamkorligi va uy isitish xarajatlarini qisqartiring;
- Oilaviy tadbirlar va sovg‘alarga oqilona yondashing;
- Oziq-ovqat xarajatlarida tejamkorlikka o‘ting;
- Transport va kommunal to‘lovlarda tejashga harakat qiling.
Bayram va mavsumiy xarajatlarni oldindan rejalashtiring
Yil oxiridagi bayramlar, ayniqsa Yangi yil tadbirlari ko‘pincha rejalashtirilmagan xarajatlarga sabab bo‘ladi. Shu bois dekabr boshlanishi bilanoq bayram uchun alohida budjet tuzish muhim. Avvalo, Yangi yil arafasida qaysi yo‘nalishlarga qancha mablag‘ sarflanishini oldindan belgilab oling. Sovg‘alar, bayram dasturxoni, uy bezaklari va ko‘ngilochar tadbirlar uchun alohida limit qo‘yish umumiy xarajatni nazoratda ushlab turishga yordam beradi. Har bir toifa bo‘yicha aniq chegara belgilanishi ortiqcha sarfning oldini oladi va budjetning muvozanatini saqlaydi.

Bayram xaridlarini imkon qadar erta amalga oshirish ham muhim hisoblanadi. Bayram yaqinlashgan sari narxlarning oshishi yoki shoshilinch xaridlar tufayli ortiqcha pul sarflash holatlari tez-tez uchraydi. Sovg‘alar hamda bezak buyumlarini dekabr boshida yoki noyabr oxiridagi chegirmalar davrida xarid qilish ancha samarali. Bunday yondashuv vazmin qaror qabul qilish imkonini beradi, ortiqcha shoshilinch xaridlar va qo‘shimcha xarajatlarning oldini oladi. Eng ko‘p uchraydigan xato esa Yangi yilga bir necha kun qolganda qimmat va rejasiz xarid qilishdir. Oldindan tayyorgarlik ko‘rish orqali bunday xatolardan osongina qochish mumkin.

Xarid qilishdan avval aniq ro‘yxat tuzish ham tejamkorlikning muhim sharti hisoblanadi. Kerakli mahsulotlar va buyumlar ro‘yxati asosida xarid qilish kutilmagan, rejasiz xarajatlarni qisqartiradi. Odatda rejasiz do‘konga kirgan odam ko‘ziga tushgan keraksiz buyumlar uchun ham pul sarflab qo‘yadi. Reja bilan harakat qilinsa, bunday holatlarning oldi olinadi va mablag‘ ancha tejab qolinadi.
Agar budjeted cheklangan bo‘lsa, sovg‘a masalasida ijodiy yondashuv foyda keltiradi. Qimmatbaho sovg‘alar o‘rniga o‘zingiz tayyorlagan sovg‘alarni ulashish yoki yaqin insonlarga samimiy tilak yo‘llash ham bayramning muhim qismi hisoblanadi. Bunday e’tibor moddiy xarajat talab qilmas ekan, baribir iliq his-tuyg‘ularni ulashadi.
Rejalashtirish va limit belgilashning asosiy maqsadi insonni hissiyotga berilib ortiqcha sarf qilishdan himoya qilishdir. Bayramona kayfiyat ko‘pincha xarajatlarni nazoratsiz oshirib yuboradi, natijada yanvar oyida moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga keladi. Oldindan tuzilgan aniq budjet esa xarajatlarni ongli boshqarishga imkon beradi. Demak, dekabr oyidayoq xarajatlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish yangi yilni qarzlarsiz va xotirjam boshlashga xizmat qiladi.

Energiya tejamkorligi va uy isitish xarajatlarini qisqartiring
Qish oylarida eng katta qo‘shimcha xarajatlardan biri uylarni isitish hamda elektr energiyasi uchun to‘lovlar hisoblanadi. Energiya iste’molini kamaytirish nafaqat mablag‘ni tejashga xizmat qiladi, balki tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga ham yordam beradi.
O‘zbekiston sharoitida xonadonlarning aksariyati gaz, ko‘mir yoki elektr orqali isitiladi, ayrim hududlarda esa markaziy isitish tizimi mavjud. Qaysi usuldan foydalanilishidan qat’i nazar, bir nechta sodda, ammo samarali choralar yordamida kommunal xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish mumkin.

Isitish tizimidan to‘g‘ri foydalanish muhim ahamiyatga ega. Xonadonni haddan ziyod issiq qilish ortiqcha gaz yoki elektr sarfiga olib keladi. Xonalarni mo‘tadil haroratda ushlab turish uchun imkon bo‘lsa, termostat yoki regulatorlardan foydalaning. Markaziy isitish tizimiga ulangan uy-joylarda radiatorlarni muntazam tekshirib boring. Ichiga havo to‘plangan bo‘lishi mumkin, zarurat tug‘ilganda havoni chiqarib, tizimning samarali ishlashini ta’minlash lozim. Kam foydalaniladigan xonalarni yoki yotoqxonani kechasi qisman sovuqroq holatda qoldirish ham yaxshi natija beradi. Bunday paytda haroratni majburan oshirish o‘rniga qalinroq ko‘rpa yoki iliq kiyimlardan foydalanish tejamkorroq hisoblanadi.
Uy ichida issiqlikni imkon qadar saqlab qolish katta ahamiyatga ega, chunki eng katta energiya yo‘qotishlar aynan issiq havoning tashqariga chiqib ketishi sababli yuz beradi. Deraza va eshiklar tirqishlarini mahkamlash orqali issiqlik yo‘qotilishini kamaytirish mumkin.
Oziq-ovqat xarajatlarida tejamkorlikka o‘ting

Qish faslida oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa meva va sabzavotlar narxining oshishi kuzatiladi. Buning asosiy sababi mavsumiy omillar bilan bog‘liq: sovuq oylar kelishi bilan mahalliy hosil kamayadi, import qilinadigan mahsulotlar esa qimmatroq tushadi.
Ovqatlanishni oldindan rejalashtirish xarajatlarni kamaytirishning eng samarali usullaridan biridir. Haftalik yoki oylik menyu tuzib, unga muvofiq aniq xaridlar ro‘yxati tuzish keraksiz mahsulotlar xarid qilinishining oldini oladi. Masalan, haftaning qaysi kuni qanday taom tayyorlanishini taxminan belgilab olish orqali faqat ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan masalliqlar olinadi. Bu nafaqat ortiqcha xarajatlarni qisqartiradi, balki oziq-ovqat isrofining ham oldini oladi. Odatdagi xato esa do‘konga och qoringa yoki rejasiz borishdir. Bunday paytda inson ko‘proq, hatto kerak bo‘lmagan mahsulotlarni ham sotib olishga moyil bo‘ladi. Shu sababli xaridni to‘q holda va aniq ro‘yxat bilan amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Mavsumiy va mahalliy mahsulotlarga ustuvor ahamiyat berish ham tejamkorlikni kuchaytiradi. Qish faslida issiqxona yoki import tufayli qimmatlashadigan pomidor va bodring singari sabzavotlar o‘rniga karam, sabzi, lavlagi, kartoshka kabi nisbatan arzon va mo‘l mahsulotlarni tanlash foydaliroq. Mahalliy bozorlarda saqlanma olmalar, noklar yoki qoqi mevalar import qilinadigan mevalarga nisbatan ancha arzon bo‘lib, shu bilan birga vitamin manbai ham hisoblanadi. Agar yoz va kuz oylarida murabbo, tuzlama yoki quritmalar tayyorlab qo‘yilgan bo‘lsa, bunday zaxiralar qish mavsumida xarajatni yanada qisqartirishga xizmat qiladi. Zaxira yo‘q bo‘lgan taqdirda ham bozor va yarmarkalarda quritilgan mahsulotlarni qulay narxlarda topish mumkin.
Ulgurji va arzon savdo nuqtalaridan foydalanish xarajatlarni kamaytirishning yana bir samarali yo‘lidir. Un, yog‘, shakar, guruch kabi uzoq muddat saqlanadigan mahsulotlarni yirik qadoqlarda sotib olish bir dona narx uchun ancha arzon tushadi. Narxlarni solishtirish orqali qayerda qaysi mahsulot qulayroq ekanini aniqlash foydali: go‘shtni bozordan savdolashib olish supermarketga nisbatan arzonroq bo‘lishi mumkin, ayrim import mahsulotlar esa aksincha, tarmoq do‘konlaridagi aksiyalar orqali tejamli xarid qilinadi. Oddiygina bitta manzilga bog‘lanib qolmasdan, turli savdo nuqtalaridagi narxlarni tahlil qilish orqali sezilarli iqtisodga erishish mumkin.

Oilaviy tadbirlar va sovg‘alarga oqilona yondashing
Dekabr va yanvar oylarida oila va do‘stlar davrasidagi bayramlar, tug‘ilgan kunlar hamda turli yig‘inlar ko‘payadi. Bunday tadbirlar sovg‘alar xaridi, mehmondorchilik va dasturxon bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Albatta, yaqinlarni xursand qilish muhim, biroq buning o‘zi budjedga ortiqcha yuk bo‘lmasligi kerak. Oilaviy tadbirlar va sovg‘alar masalasida oqilona yondashuv yordamida bayramlarni ham, moliyani ham barqaror saqlash mumkin.
Sovg‘alar uchun aniq limit belgilash eng muhim qadam hisoblanadi. Kimlarga sovg‘a olinishi va har bir inson uchun qancha mablag‘ ajratilishi oldindan rejalashtirilsa, xarajatlar boshqaruv ostida bo‘ladi. Masalan, bolalar va kattalar uchun alohida summalarni belgilash tanlovni osonlashtiradi. Odatda, odamlar yaqinlarining ko‘ngli qolib ketmasin degan xavotir bilan rejalashtirilgandan ortiq pul sarflashadi. Bunday hissiy qarorlardan qochish uchun sovg‘alarni dastlabki reja asosida olib, ajratilgan limitdan oshmaslik lozim. Do‘konda qimmatbaho sovg‘alar uchraganida ham oldindan belgilangan summani eslab, shu chegarada eng maqbul variantni tanlash maqsadga muvofiq.

Sovg‘a tanlashda ijodiy yondashuv katta foyda beradi. Eng qimmat buyum har doim ham eng yaxshi sovg‘a degani emas. Ko‘pincha samimiy e’tibor bilan tanlangan kichik sovg‘alar ko‘proq qadrlanadi. Qo‘lda tayyorlangan bezak buyumlari, milliy uslubdagi esdalik sovg‘alar, oilaviy suratlar jamlangan fotoalbom yoki kundalik hayotda asqotadigan oddiy, ammo foydali jihozlar yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin. Do‘stlar davrasida «Maxfiy Santa» tartibida sovg‘a almashuvini tashkil qilish ham tejamkor va qiziqarli yechimdir. Bunda har bir ishtirokchi faqat bitta kishiga sovg‘a oladi. Natijada hamma sovg‘a oladi, lekin hech kim ortiqcha xarajat qilmaydi. Shuningdek, faqat bolalarga sovg‘a berib, kattalar bir-birini tabrik so‘zlari bilan qutlash zamonaviy va juda tejamkor amaliyot sanaladi.
Transport va kommunal to‘lovlarda tejashga harakat qiling
Qish fasli kirib kelishi bilan transport va kommunal xizmatlar bilan bog‘liq xarajatlar sezilarli darajada ortadi. Sovuq kunlarda avtomobil yonilg‘isi sarfi ko‘payadi, taksi yoki jamoat transportidan ko‘proq foydalanishga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, issiq suv, gaz, elektr energiyasi va sovuq suv uchun kommunal to‘lovlar ham oshadi. Biroq bir nechta sodda va samarali choralar yordamida bu yo‘nalishlardagi xarajatlarni kamaytirish mumkin.

Avtomobil xarajatlarini oqilona boshqarish tejamkorlikning muhim omili sanaladi. Qish faslida texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z vaqtida amalga oshirish juda muhim: motor moyini almashtirish, filtrlarni tozalash, shinalarni mavsumga mos holatda saqlash hamda havo bosimini nazorat qilish yonilg‘i sarfini sezilarli kamaytiradi. Texnik soz avtomobil yoqilg‘i iste’molini o‘rtacha 5–10 foizgacha qisqartirishi mumkin.
Haydash madaniyatiga ham e’tibor qaratish zarur. Keskin tezlashish va tormoz berishdan saqlanish, me’yoriy tezlikni saqlash ancha iqtisod qiladi. Kun davomida bir nechta manzilga borish kerak bo‘lsa, marshrutni avvaldan rejalashtirish tavsiya etiladi, chunki ortiqcha aylanish va tirbandlikda uzoq turish yoqilg‘ining behuda sarflanishiga olib keladi. Imkon bo‘lsa, hamkasblar yoki qo‘shnilar bilan bir mashinada qatnash tizimini yo‘lga qo‘yish ham tejamkorlik keltiradi.

Masofa qisqa bo‘lganda piyoda yurish yoki velosipeddan foydalanish nafaqat mutlaqo tekinga tushadi, balki sog‘liq uchun ham foydalidir. Katta shaharlarda esa jamoat transporti narxi taksi yoki shaxsiy avtomobil xarajatiga nisbatan ancha arzon bo‘ladi. Shu bois imkon boricha avtobus, metro yoki tramvaydan foydalanish budjetni asrashga xizmat qiladi.
Taksi xizmatlaridan ham oqilona foydalanish muhim. Qishda sovuqdan saqlanish uchun taksida yurish qulay bo‘lsada, doimiy safarlar katta xarajatga aylanib ketishi mumkin. Shuning uchun turli ilovalardagi tariflarni solishtirib ko‘rish, promokod va chegirmalardan foydalanish foyda beradi. Yo‘lga birga chiqayotgan tanishlar bilan taxi chaqirib, to‘lovni bo‘lishish ham samarali usullardan hisoblanadi. Biroq taksidan kundalik asosda foydalanishni odat qilishdan tiyilib, asosan maxsus holatlar uchun saqlash tavsiya etiladi. Oddiy yurishlarda esa jamoat transporti yoki piyoda harakat qilish ancha tejamkor bo‘ladi.

Kommunal to‘lovlarni doimiy ravishda nazorat qilib borish ham zarur. Hisob-fakturalar kelganda ulardagi raqamlarni diqqat bilan tekshirib ko‘ring – ba’zan hisoblagich ko‘rsatkichlari xato qayd etilishi mumkin. Elektr yoki gaz iste’moli bo‘yicha belgilangan limitdan oshib ketmaslik muhim, chunki me’yordan yuqori sarf qilinsa, tarif qimmatroq bo‘lishi mumkin. Keraksiz chiroqlarni o‘chirish, issiq suvdan me’yorida foydalanish, isitishda tejamkorlik choralariga amal qilish limitdan chiqmaslikni osonlashtiradi.
Suv va boshqa xizmatlarda ham tejash mumkin. Issiq suvdan kamroq foydalanish uchun boiler haroratini biroz pasaytirish yoki faqat zarur vaqtda yoqib ishlatish foydali. Suv isitgich bakini yaxshi izolyatsiya qilish orqali esa suvning tez sovib qolishining oldi olinadi. Shuningdek, internet, mobil aloqa va televideniye xizmatlari uchun to‘lanadigan oylik to‘lovlarni ham ko‘zdan kechirish tavsiya etiladi. Agar foydalanilmayotgan qo‘shimcha kanallar yoki keraksiz paketlar mavjud bo‘lsa, ulardan voz kechish yoki arzonroq tarifga o‘tish budjetni sezilarli yengillashtiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri mutolaachilarga Yangi yil uchun ovqatlar, salatlar va dasturxon bezash uchun g‘oyalarni taqdim etgan edi.