
Google Android 16 yangilanishi bilan birga barcha Android qurilmalariga versiyasi va modelidan qat’iy nazar yangi funksiyalar to‘plamini taqdim qila boshladi. Bu haqda Phone Arena nashri xabar berdi.
Call Reason: Shoshilinch qo‘ng‘iroqlar uchun yangi imkoniyat

Google eng muhim funksiyalardan biri sifatida Call Reason tizimini ishga tushirdi. Endi kontaktga qo‘ng‘iroq qilayotganda, qo‘ng‘iroqni «shoshilinch» deb belgilash imkoni bor.
Bu belgini qabul qiluvchi tomon ekranda ko‘radi va qo‘ng‘iroqning oddiy suhbat emasligini, haqiqatan ham muhim ekanini bilib oladi.
Bu iOS’dagi Notify Anyway funksiyasining o‘ziga xos Android’cha yechimi bo‘lib, ortiqcha shovqin va janjalsiz muloqotni ta’minlaydi.
Chrome Pinned Tabs: Mobil brauzer uchun qulaylik

Mobil Chrome kompyuterdagidek muhim tab’larni (sahifalarni) pin’lab qo‘yish (qadab qo‘yish) funksiyasiga ega bo‘ldi. Ko‘p tab ochadigan foydalanuvchilar endi kerakli sahifalarni yo‘qotib qo‘ymaydi, ular doim yuqorida turadi. Bu kichik ko‘rinadigan, ammo katta vaqt tejovchi yangilikdir.
Circle to Search Scam: Firibgarlikni aniqlash

Google SI asosida shubhali matn yoki rasmni Circle to Search tizimi orqali darhol internetdan tekshiradi. Agar u firibgarlik turiga o‘xshasa, Android darhol ogohlantiradi.
Kripto takliflaridan tortib, o‘ta foydali sarmoya reklamalari, soxta qo‘ng‘iroqlar, hammasiga qarshi tizim darajasida himoya paydo bo‘ldi.
Group Chat Protection: Spam guruhlardan himoya

Agar sizni noma’lum raqam guruhga qo‘shsa Android qisqa ma’lumot beradi va sizga darhol chiqish yoki bloklash imkonini taqdim etadi.
Expressive Captions: Hissiyotli subtitrlar

Live Caption endi faqat matn emas, balki hissiyotlarni ham ko‘rsatadi. Bu subyekt nutqini eshitish qiyin bo‘lganlar yoki videoni ovozsiz tomosha qiluvchilar uchun juda katta yengillik bo‘ldi.
Emoji Kitchen: Bayramona stikerlar

Emoji Kitchen yangi mavsumiy, ayniqsa Yangi yil stikerlari bilan yangilandi.
Google bu funksiya to‘plami bilan muloqotni konteksli qilish, firibgarlikdan himoyani kuchaytirish, mobil tajribani oshirishni maqsad qilgan. Hozirda foydalanuvchilar tomonidan Call Reason funksiyasi katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Biroq ekspertlar «shoshilinch qo‘ng‘iroq» belgisining suiiste’mol qilinishi mumkinligiga e’tibor qaratmoqda. Agar har kim har qo‘ng‘iroqni «shoshilinch qo‘ng‘iroq» deb belgilayversa, funksiyaning ahamiyati pasayishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Pixel smartfonlari uchun dekabr oyidagi yangilanishda 33 ta xatolik tuzatilgani haqida yozgandi.