Google kosmosda ma’lumot markazlarini qurishni rejalashtirmoqda

eʼlon qilindi
2027-yildan boshlab
Google kosmosda ma’lumot markazlarini qurishni rejalashtirmoqda / Foto: Investopedia

Google 2027-yildan kosmosda ma’lumot markazlari qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Fortune nashri ma’lum qildi.

Kompaniya bosh direktori Sundar Pichai ma’lum qilishicha, Suncatcher loyihasi orqali quyosh energiyasidan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu katta energiya sarflaydigan ma’lumot markazlari uchun muhim hisoblanadi.

Kosmosdagi quyosh energiyasi Yerdagidan 100 trln baravar kuchli. Loyihaning birinchi bosqichi 2027-yil boshida amalga oshiriladi va Google Planet kompaniyasi bilan hamkorlikda Yer orbitasida ikkita test sun’iy yo‘ldoshi ishga tushiradi. Bu yo‘ldoshlar ma’lumot markazlari texnologiyasini sinovdan o‘tkazadi. Pichai yaqin o‘n yil ichida kosmosdagi ma’lumot markazlarini qurishni odatiy amaliyotga aylantirmoqchi.

Foto: Getty Images

Boshqa kompaniyalar ham kosmosni ma’lumot markazlarini energiya bilan ta’minlash vositasi sifatida ko‘rib chiqmoqda. Masalan, Starcloud startapi sun’iy intellekt bilan jihozlangan sun’iy yo‘ldoshini allaqachon kosmosga yuborgan. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, kosmosdagi ma’lumotlar markazlari karbonat angidrid chiqindilarini Yerdagi markazlarga qaraganda 10 baravar kamaytiradi.

AQSh Energetika vazirligining 2024-yil dekabr hisobotiga ko‘ra, ma’lumot markazlariga yuklama so‘nggi 10 yil ichida uch baravar oshgan. Ko‘rsatkichlar 2028-yilga kelib yana uch baravar ko‘tarilishi kutilmoqda. 2023-yilda ma’lumot markazlari mamlakatdagi elektr energiyasining 4% dan ko‘prog‘ini ishlatgan, 2028-yilda esa bu 12% gacha yetishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI, Oracle va SoftBank AQShda beshta yangi sun’iy intellekt ma’lumot markazi qurish rejasini e’lon qilgan edi.

Shuningdek