Gadjetlar

Google Pixel smartfonlari uchun dekabr oyidagi yangilanishda 33 ta xatolik tuzatildi

Ikkitasi batareya bilan bog‘liq
Foto: Google

Google 2-dekabr kuni Pixel qurilmalari uchun an’anaviy December Update Bulletin’ni e’lon qildi. Yangilanish bir hafta davomida bosqichma-bosqich tarqatiladi.

U Pixel 6’dan boshlab Pixel 10 seriyasigacha, shuningdek, Pixel Fold, Pixel Tablet va Pixel 9 Pro Fold qurilmalarini ham qamrab oladi. Bu oygi paketning eng muhim jihati – 33 ta xatolikni bartaraf etuvchi yangilanishlar, jumladan, batareya ishlashi va quvvat ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq ikkita muhim muammo hal etildi.

Batareya belgisi bilan bog‘liq noaniqliklar tugatildi

Oldinroq ba’zi foydalanuvchilar, xususan, Pixel 10 Pro Fold egalari status qatorda batareya foizining o‘rniga bo‘sh joy yoki «?» belgisi chiqayotgani haqida shikoyat qilgandi.

Natijada dekabr yangilanishi bu xatoni bartaraf etdi. Unga ko‘ra, muammo Pixel 6 va undan keyingi modellarda kuzatilgan. Shuningdek, batareyani 80 foizgacha cheklash funksiyasi ba’zan ishlamay qolishi aniqlangandi. Endilikda bu holat ham tuzatildi.

Dekabr oyi uchun barcha funksional yangilanishlar

  • Audio: ba’zi holatlarda audio tizimining to‘satdan ishdan chiqishi tuzatildi (Qamrov: Pixel 9, Pixel 9a va undan keyingi modellar);
  • Batareya va quvvatlash: status qatordagi bo‘sh yoki «?» belgisini ko‘rsatish xatosi bartaraf etildi. 80% quvvat cheklovi ishlamay qolishi muammosi tuzatildi (Pixel 6 va undan keyingi modellar);
  • Bluetooth: ayrim qurilmalar bilan ulanishda yuzaga kelgan uzilishlar bartaraf etildi (Pixel 6 va undan keyingi modellar);
  • Kamera: kamera barqarorligiga oid umumiy yaxshilanishlar kiritildi (Pixel 9 va undan keyingi modellar).

Displey va grafika

  • Pixel 10 seriyasida ekran qora bo‘lib qolishi yoki yaltirashi tuzatildi;
  • Ekranning muzlab qolishi yoki o‘chib-yonishi muammolari hal qilindi;
  • Yorqinlikning pasayib qolishi va uni tiklash uchun ekran o‘chirilishi zarur bo‘lib qolgan holatlar bartaraf etildi;
  • Always-On Display’dan qulfni ochganda ekran javob bermay qolishi tuzatildi (Pixel 6 va undan keyingi modellar);
  • Pixel 10 Pro Fold’da ayrim o‘yinlarni ishga tushirganda ichki ekran o‘chib qolishi muammosi hal etildi;
  • Pixel 9 seriyasida ekranning buzilib ko‘rinishi va muzlab qolishi tuzatildi.

Framework

  • Extra Dim funksiyasi ishlamasligi bartaraf etildi;
  • Tizimning xotiradan chiqib ketishi (splash screen yopilmay qolishi sababli) muammosi tuzatildi;
  • Picture-in-Picture rejimida barqarorlik yaxshilandi;
  • Tizim barqarorligi va umumiy ishlash samaradorligiga qo‘shimcha optimizatsiyalar kiritildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Pixel 10 qo‘ng‘iroqlarni avtomatik tarjima qilishi haqida yozgandi.