
Motorola Edge 70 Ultra smartfonining dastlabki tasvirlari internetda paydo bo‘ldi. Bu haqda Android Headline xabar bermoqda.
U 2024-yilda taqdim etilgan Edge 50 Ultra modelining vorisi bo‘ladi. Yangi model korpusi oldingi avlodda qo‘llangan ekoteryadan farq qiluvchi materialdan tayyorlanadi. Kamera bloki yuqori chap burchakka joylashtirilgan. Unda uchta obyektiv mavjud. Smartfon karkasi metall bo‘lishi kutilmoqda. O‘ng tomonda ovoz boshqaruvi va yoqish tugmalari joylashadi. Chap tomonga esa sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan bog‘liq funksiyalarni bajarishi mumkin bo‘lgan maxsus tugma qo‘shiladi.

Motorola Edge 70 Ultra 16 GB tezkor xotira bilan jihozlanadi. Qurilma Android 16 operatsion tizimida ishlaydi. Ekrani 1,5K aniqlikdagi OLED panel bo‘lishi mumkin. Asosiy kamera tizimida periskop teleobyektiv ham bo‘ladi.
Benchmark natijalariga ko‘ra, smartfon Geekbench bir yadroli testda 2 636 ball, ko‘p yadroli sinovda esa 7 475 ball to‘plagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Motorola Edge 70 Ultra yangi flagman sifatida taqdim etilishi haqida yozgan edi.