O‘zbekiston oktabr oyida eng ko‘p oltin xarid qilgan davlatlardan biri bo‘ldi

Jahon Oltin Kengashi (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki oktabr oyida oltin xaridida eng yirik davlatlar qatoriga kirib, 9 tonna oltin sotib oldi.
Bu ko‘rsatkich markaziy banklar orasida uchinchi natija hisoblanadi. Yetakchi pog‘onada Polsha va Singapur turib, har biri 16 tonna oltin xarid qilgan.
Butun dunyo markaziy banklarining sof oltin xaridi oktabrda 53 tonnaga yetib, sentyabr oyiga nisbatan 36% ga oshdi. Xaridorlar qatorida Indoneziya, Turkiya, Chexiya va Qirg‘iziston ham bor edi.
Yil boshidan oktabrgacha bo‘lgan davrda global markaziy banklar jami 254 tonna oltin sotib olgan. Shu davrda eng yirik xaridor Polsha bo‘lib, uning xaridi 83 tonnani tashkil qilgan, Qozog‘iston esa ikkinchi o‘rinda turadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajadagi 59,3 milliard dollarga yetgani haqida yozgan edik.