
Qozog‘iston chempionatida o‘ynayotgan 14 ta professional futbol klubining beshtasi xususiy qo‘llarga o‘tdi, yana ikki klub bo‘yicha esa muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Serik Jarasbayev ma’lum qildi.
Hozirgacha «Aqto‘be», «Qaysar», «Shaxtyor», «Qiziljar» va «Jenis» rasman hususiylashtirilgan. Vazir o‘rinbosari Serik Jarasbayevning ta’kidlashicha, qolgan ikki klub uchun ham homiylar qidirilmoqda. Qozog‘iston prezident Qasim-Jomart Toqayevning topshirig‘iga ko‘ra, xususiylashtirish jarayoni 2026-yil martigacha to‘liq yakunlanishi kerak.
Yirik kompaniyalar klublarni sotib olishga qiziqish bildirgan. Xususiylashtirish doirasida barcha klublar zimmasiga bolalar futboli akademiyalarini tashkil etish majburiyati yuklatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonning uchta futbol klubi noyabr oyi oxirigacha xususiylashtirilishi haqida xabar bergan edi.