
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ekologik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha hududlarda olib borilayotgan reydlardan birida shaxsan ishtirok etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Maxsus komissiya topshirig‘iga asosan ekologlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari har kecha tekshiruv o‘tkazib, ekologiya talablarini buzayotgan holatlarni aniqlamoqda. Muammoni chuqurroq o‘rganish maqsadida Mirziyoyeva navbatdagi reydda shaxsan o‘zi ham ishtirok etdi.

Tekshiruv chog‘ida Qibray tumanidagi issiqxonalardan biri ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, ushbu issiqxonada har kuni qariyb 150 kg ko‘mir yoqiladi. Mutaxassislar buning atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazayotganini qayd etdi.
Tadbirkor bilan uchrashuvda ishlab chiqarish iqtisodiy foyda keltirishi mumkinligi, biroq uning aholining sog‘lig‘iga yetkazishi mumkin bo‘lgan zarar ancha jiddiy ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, tadbirkorlarning ishini qonuniy va xavfsiz yo‘nalishda olib borishiga ko‘maklashish zarurligi bildirildi.

Ekologiya qo‘mitasiga issiqxonaga bir kun ichida zamonaviy filtr o‘rnatish, shuningdek, tadbirkorlar uchun seminar-trening hamda filtrlar savdo-ko‘rgazmasini tashkil etish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida brakonyerlar ekologiya xodimiga kuch ishlatgani haqida xabar bergan edik.