
Samsung uch marta buklanadigan birinchi smartfoni — Galaxy Z TriFold yig‘ilishi va mustahkamlik sinovlarini ko‘rsatdi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, yangi model tajriba emas, butunlay tayyor va sinovlardan to‘liq o‘tgan mahsulot hisoblanadi.
Shuningdek, Samsung e’lon qilgan videoda qurilma qanday yig‘ilishi, lazerlar yordamida tekshirilishi va robotlar tomonidan sinovdan o‘tkazilishi batafsil ko‘rsatilgan.
Galaxy Z TriFold qanday yig‘iladi

Model korpusi uchta bo‘limdan iborat bo‘lib, ular Samsung’ning maxsus Armor FlexHinge ilmaklari bilan biriktiriladi. Butun jarayon avtomatlashtirilgan, ya’ni:
- detallar mikron aniqligi bilan joyiga qo‘yiladi;
- ramkani tekislovchi yangi yelimlash usuli qo‘llanadi;
- raqobatchilardan farqli o‘laroq, sirti tekisligi lazer orqali tekshiriladi.
Shundan so‘ng, 10 dyuymli buklanadigan OLED-panel korpusga o‘rnatiladi va press ostida mustahkamlanadi. Bu qurilmaga yanada ingichka va bardoshli ko‘rinish beradi.
Robotlar tomonidan sinovlar

Bundan tashqari, yig‘ilgan korpus yana bir bor 3D lazer skaneri orqali o‘lchanadi. Sababi elementlar ideal tekislikda joylashgan bo‘lishi shart.
Keyin robot qo‘llar smartfonni 180 darajaga ochib-yopib tekshiradi, ilmaklar ishini tahlil qiladi va ekran deformatsiyasini o‘lchaydi. Maxsus avtomatlashtirilgan stend esa uni bir necha marta buklab ochadi. Bu kuchli bardoshlilik testi hisoblanadi.
Samsung ma’lumotiga ko‘ra, Galaxy Z TriFold 200 ming marta buklanishga chidamli — bu kuniga 100 martadan besh yilga teng. Shu ko‘rsatkich Galaxy Z Fold 7 bilan bir xil hisoblanadi.
Kameralar va ekran sinovlari

Avtofokus va optika sifati, ekranda rang aniqligi, yorqinlik, sensor javobi tekshiriladi. Aloqa modullari turli sharoitlarda sinovdan o‘tadi.
Galaxy Z TriFold himoya darajasi
Galaxy Z TriFold IP48 himoya reytingiga ega. Ya’ni smortfon changdan yuqori darajada himoyalangan. Suvda 1,5 metr chuqurlikda 30 daqiqa bardosh bera oladi.
Bundan tashqari, kompaniya murakkab konstruktsiyaga qaramay, TriFoldning mustahkamligi Galaxy Z Fold 7 bilan tengligini ta’kidlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Galaxy Z TriFold smartfoni 12-dekabrdan sotuvga chiqishi haqida yozgandi.
