Toshkentda 20 mingga yaqin yo‘lovchi avtobusda yo‘l haqini to‘lamagani aniqlandi

Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan 20 mingga yaqin yo‘lovchilarga jarima solindi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning shu davriga qadar avtobuslarda 19 632 ta yo‘l haqini to‘lamaslik holati aniqlangan. Har bir qoidabuzarlik bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, shu yilning oktabr oyidan boshlab monitoring xizmati xodimlari planshetlar bilan ta’minlandi. Endilikda ular yo‘l haqini to‘lamagan fuqarolarga nisbatan mustaqil tarzda ma’muriy bayonnoma tuzish vakolatiga ega.
2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent avtobuslarida naqd pulda to‘lov qilish amaliyoti to‘liq bekor qilingan bo‘lib, yo‘lovchilar elektron to‘lov yoki bir martalik QR-chiptalar yordamida to‘lovni amalga oshirishlari talab etiladi.
Shu munosabat bilan Transport nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi tomonidan muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Aksariyat yo‘lovchilar yangi tizim qulayligini e’tirof etib, yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lagan bo‘lsa, ayrimlari sababsiz to‘lovni amalga oshirmasdan avtobusdan tushib ketayotgani kuzatilmoqda.
Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida jamoat transportida kuchaytirilgan nazorat reydlari boshlandi. Endilikda nazoratchi va inspektorlar yo‘lovchilarning yo‘l haqi to‘langanini joyida tekshiradi. Yo‘lovchilar bir martalik QR-chiptalarni safar davomida o‘zlarida saqlab, talab qilinganda taqdim etishlari shart.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik kodeksining 144-moddasiga ko‘ra, naqd pul bergan yo‘lovchilar emas, balki chiptasiz yurganlarga BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida (hozirda 41,2 ming so‘m) jarima solinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil boshidan buyon 6 mingdan ortiq yo‘lovchilar avtobusda yo‘l haqini to‘lamagani haqida yozgandi.
Foydali: Poytaxt avtobuslari uchun naqd pulga chiptani qanday olish mumkin – fotoqo‘llanma