Yangiliklar

Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi

Loyihani joriy yilda boshlash va 2030-yilgacha hududlar bilan integratsiya qilishni topshirildi
Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi / Foto: President.uz

Toshkentda transport boshqaruvini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha yangi choralar ko‘rilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni shu masalaga oid taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda poytaxt jamoat transporti yangilandi: avtobuslar soni 1900 taga yetdi, qatnov intervali 15 daqiqaga qisqardi. Avtobuslardan kunlik foydalanish 1,4 mln nafarga etdi. Metro tarmog‘i kengaytirilib, uning uzunligi 70,5 kmga, bekatlar soni 50 taga yetdi. Metro bir kunda 900 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Shahar ko‘chalarida tartibga solish ishlari davom ettirildi: 2870 ta belgi almashtirildi, 2770 ta yangi belgi va 55 ta svetofor o‘rnatildi. Aholi va transport vositalari ko‘payishi natijasida yo‘l infratuzilmasiga yuklama kuchaydi. Asosiy yo‘laklarda tirbandlik 7–8 ball darajasiga yetgani qayd etildi. Shaxsiy avtomobillar ulushining yuqoriligi ekologiyaga salbiy ta’sir qilmoqda.

Dunyo tajribasidan kelib chiqib, Toshkentda intellektual transport tizimi joriy etilishi taklif qilindi. Shu maqsadda yagona yo‘l harakatini boshqarish markazini yaratish rejaga kiritilgan.

Markaz transport oqimini tahlil qilish, ITSni joriy etish, transport rejasini ishlab chiqish, parking va yuk tashishlarni tartibga solish, elektr quvvatlash infratuzilmasini rivojlantirish kabi vazifalarni bajaradi. Sun’iy intellekt asosida tirbandliklarni prognoz qilish, marshrutlarni optimallashtirish va svetoforlarni boshqarish imkoniyatlari yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gulistonda jamoat transporti uchun jami 72 ta avtobus keltirilgani haqida xabar bergan edik.