Yangiliklar

Varshavadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlar soni ko‘paytiriladi

O‘zbekiston elchisi Polshaning LOT Polish Airlines kompaniyasi prezidenti bilan uchrashdi
Varshavadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlar soni ko‘paytiriladi
Varshavadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlar soni ko‘paytiriladi / Foto: LOT Polish Airlines

Varshavadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlar soni ko‘paytiriladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston elchisi Amirsaid Agzamxodjayev Polshaning LOT Polish Airlines kompaniyasi prezidenti Mixal Fiyol bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda Varshava – Toshkent yo‘nalishidagi mavjud to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar va ularni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: «Dunyo» AA

Aviakompaniya rahbari O‘zbekiston Polsha uchun tobora muhim turizm va tranzit yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. 2024-yil mart oyida yo‘lga qo‘yilgan va hozirda haftasiga to‘rt marta amalga oshirilayotgan reyslarga talab juda yuqori. Yil yakuniga qadar ushbu yo‘nalishda 75 mingdan ortiq yo‘lovchilar tashilgani Markaziy Yevropada O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish ortayotganini ko‘rsatadi.

Uchrashuvda parvozlar sonini yaqin kelajakda har kunlik rejimgacha oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, LOT Polish Airlines tomonidan Samarqandga yangi aviayo‘nalish ochish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Avvalroq Azimut aviakompaniyasi Rostovdan Termizga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Rossiyaning Azimut aviakompaniyasi Rostov-na-Donu shahridagi Platov aeroporti orqali Termiz va bir qancha shaharlarga parvozlarni amalga oshirmoqchi.