
Asia Alliance Bank kompaniya bilan tuzilgan shartnomalar muntazam buzilgani va majburiyatlar bajarilmagani sababli Humans guruhiga nisbatan sud orqali qarzni undirish jarayonini boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda bankning rasmiy Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, so‘nggi kunlarda bir nechta anonim Telegram kanallarda Humans’ning turli kompaniyalar oldidagi katta miqdordagi qarzlari haqida xabarlar tarqaldi. Unga ko‘ra, kompaniyaning Yandex oldidagi qarzi $13,3 mln, Octobank oldidagi qarzi 533 mlrd so‘m, Asia Alliance Bank oldidagi qarzi esa $3,9 mln ekani haqida da’volar ilgari surilgan edi.
Asia Alliance Bank ushbu xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berib, kompaniya haqiqatan ham bank oldida bir qator moliyaviy majburiyatlarga ega ekanini tasdiqladi.
«Human» MChJ va «Humans Companies» AJ kompaniyalar guruhi «Asia Alliance Bank» ATB oldida bir qator majburiyatlarga ega. Tuzilgan shartnomalar shartlari muntazam ravishda buzilganligi va o‘z zimmasiga olingan majburiyatlar bajarilmaganligi sababli, «Asia Alliance Bank» ATB qarzdorlikni undirish tartibini boshlashga majbur bo‘ldi.
Tegishli ishlarni sud instansiyalarida ko‘rish jarayonida «Asia Alliance Bank» ATB tomonidan 65 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlikni undirish bo‘yicha da’vo arizalari kiritilgan», — deyiladi bank bayonotida.
Bank vaziyatga oid pozitsiyasini tushuntirishga tayyor ekanini, muloqotga ochiqligini ham alohida ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Humans’ning sobiq menejeri noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etishda ayblanib qo‘lga olingani haqida yozgandi.